“Ibrat” Turkiyaga ta’lim sayohatiga boradi
Davlatimiz rahbarining joriy yil fevral oyida Andijon viloyatiga tashrifi davomida “Turon” maktab teatri faoliyatini rivojlantirish bilan bog‘liq vazifalar belgilab berilgan edi.Shu vazifalardan kelib chiqib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ilk bor “Turon” maktab teatri tanlovi o‘tkazildi.
Teatr madaniyati hamda san’atni rivojlantirish, o‘quvchilar ma’naviy dunyoqarashini boyitishda muhim o‘rin tutadigan tadbirning respublika bosqichiga ko‘hna va boqiy Buxoro mezbonlik qildi. Viloyat musiqali drama teatrida uch kun davom etgan tanlovda hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 ta jamoa tarkibida 142 nafar maktab o‘quvchisi ishtirok etdi. Tanlov nizomiga ko‘ra, jamoalar 7-8-sinf o‘quvchilaridan iborat bir jamoa bo‘lib, uchta shart bo‘yicha bahs olib bordi.
Buxoro shahridagi Poyi Kalon majmuasida “Turon” maktab teatri tanlovining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Botir Zaripov, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, elimiz ardog‘idagi aktyor va aktrisalar, madaniyat xodimlari, keng jamoatchilik vakillari, ishtirokchilarning yaqinlari ishtirok etdi.
[gallery-17741]
Tadbirda so‘zga chiqqanlar umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida ilk bor o‘tkazilayotgan “Turon” maktab teatri tanlovi ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar teatr studiyalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy va intellektual qobiliyatini rivojlantirish, notiqlik san’ati va sahna madaniyatini shakllantirish imkoniyatini berganligini alohida e’tirof etdi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Navoiy viloyatining “Ibrat” jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘ringa Namangan viloyatining “Ibrat izdoshlari” jamoasi loyiq ko‘rildi. Uchinchi o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Tong nuri” jamoasi vakillariga nasib qildi.
G‘olib va sovrindorlar tantanali taqdirlandi.
Shuningdek, jamoalarga turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom va mukofotlar topshirildi.
Tanlov shartlariga ko‘ra, respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan Navoiy viloyatining “Ibrat” jamoasi a’zolari Turkiya davlatiga ta’lim sayohatiga borish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari