Ibn Sino izdoshlari oramizda
FOTOREPORTAJ
Fanda isbotlanganki, tibbiyotda qo‘llaniladigan dori-darmonlarning qariyb 40-47 foizi o‘simlik xomashyolaridan olinadi. O‘simliklar murakkab tuzilishiga ega bo‘lgan jonli tabiiy kimyoviy laboratoriya bo‘lib, oddiy noorganik moddalardan murakkab organik moddalar yoki birikmalarni yaratish qobiliyatiga ega. Buni yaxshi anglagan va shu soha ichida ancha yillardan beri tajriba orttirgan surxondaryolik Sherzod Mardonov avvaliga ibn Sino asarlariga yuzlandi. Dorivor o‘simliklardan tabiiy biologik faol qo‘shimchalar tayyorlash mumkinligiga ishonch hosil qilgach, “Angor-Farm” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etdi.
Dastlab mutaxassislardan biologik faol qo‘shimchalar tayyorlashda nimalarga ahamiyat qaratish kerak, qaysi o‘simlik yoki giyoh qaysi tabletka tarkibiga qancha miqdorda qo‘shiladi, bularni miridan-sirigacha o‘zlashtirgan tadbirkor tog‘li hududlarda istiqomat qilib, giyoh terish bilan mashg‘ul kishilarni qidirdi. Ular bilan kelishuv asosida tog‘ yonbag‘irlarida o‘sadigan giyohlarni olib kelib biolaboratoriyada mutaxassislar bilan faoliyatni yo‘lga qo‘ydi.
– Avvaliga dorixonada ishlaganim, ustiga ustak oilaviy klinikamiz ham bo‘lgani uchun oilaviy suhbatlarimizning asosiy mavzusi ko‘pincha aholi salomatligi, bemorlarni tabiiy usulda davolash haqida bo‘lar edi, - deydi “Angor-Farm” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sherzod Mardonov. – O‘zimizda ham dorivor o‘simliklar, tabbiy giyohlar judayam ko‘pligi, faqat undan ko‘pchilik foydalanmasligi, vohada bu soha yangilik ekani bizga turtki bo‘ldi. Ota-bola maslahatni bir joyga qo‘yib, biologik faol qo‘shimcha sifatida 3 turdagi tabletkalarni ishlab chiqarishni maqsad qildik. Avvaliga ushbu tabletkalarni tayyorlash uchun yo‘riqnoma sotib oldim. Keyin esa mutaxassislarning o‘zi kelib mahalliy ishchilarga o‘rgata boshladi. To ular tabletka tayyorlash, qadoqlash usullarini o‘zlashtirgunicha mutaxassis ishchilar bilan birga faoliyat yuritdi.
[gallery-6635]
Dastlab bilogik faol qo‘shimcha bo‘ladigan tabletkalar tayyorlashdan boshlangan faoliyat 4 turdagi surtmalar tayyorlash bilan yanada kengaydi. Jami qiymati 0,3 million AQSH dollariga teng bo‘lgan “Angor-Farm”ning dorivor o‘simliklar plantatsiyasini barpo etish, 4 turdagi gigiyenik surtmalar va 3 turdagi tabletka shaklidagi biologik faol qo‘shimcha ishlab chiqarish loyihasi “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi tarkibiga kiritilgach, tadbirkorga uyi yonidagi eski, yaroqsiz holga kelib qolgan ob’ekt foydalanishi uchun berildi.
Erkin iqtisodiy zona tarkibida bo‘lish tadbirkor uchun imtiyozli kredit olish, sohaga oid subsidiyalardan foydalanishida ham qo‘l keldi.
Sinalmagan otning sirtidan o‘tma, deganlaridek, korxonada ishlab chiqarilayotgan “Sisto maks”, “Prosto maks”, “Yoda maks” kabi biologik faol qo‘shimchalar, “Anti layshman”, “Stop gribok”, “Stop gemmoroy” hamda “Ugri stop” mazlarining sifatini tabiiyki, faqatgina ishlatib ko‘rgan kishigina biladi. Masalaning bu tomonidan tadbirkorning ko‘ngli to‘q.
2017 yil oxirlarida tashkil etilgan ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyati bugungi kunga kelib, bir oyda to‘rt-besh ming dona tabletka ishlab chiqarishga erishdi, mazlardan ham har oyiga xuddi shuncha miqdorda sotuvga chiqariladi. Korxonada besh nafar doimiy ishchi va yana ko‘plab mavsumiy va ishbay ishchilar mehnat qilmoqda. Shuningdek, Kampirtepa, Boysun hamda Xomkon tog‘laridan shifobaxsh giyohlarni yig‘ib, yetkazib beruvchi ishchilar ham Sherzod Mardonovning tashabbusi ortidan oila tebratmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV, O‘zA