Erta tashxis — sog‘lom ona va sog‘lom bola garovi
Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, homiladorlik davrida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish sog‘lom avlodni voyaga yetkazishning muhim shartlaridan biridir. Bu borada malakali akusher-ginekologlar ko‘magi, muntazam tibbiy ko‘riklar va aholining tibbiy madaniyatini oshirish alohida ahamiyat kasb etadi. Sirdaryo viloyatida ham xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va homilador ayollarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan ishlar izchil olib borilmoqda.
Yaqinda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati filiali akusher-ginekologlari Xovos tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida xotin-qizlar va homilador ayollar uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etdi. Ko‘rik davomida ayollarning salomatlik holati baholanib, zarur hollarda ultratovush tekshiruvlari o‘tkazildi, mutaxassislar tomonidan tibbiy maslahatlar berildi. Qo‘shimcha tekshiruvga ehtiyoji bo‘lgan bemorlarga esa keyingi davolash va kuzatuv bosqichlari yuzasidan tavsiyalar berildi.
Bunday profilaktik tadbirlar kasalliklarni dastlabki bosqichda aniqlash, o‘z vaqtida davolash choralarini belgilash va homiladorlik davridagi ehtimoliy asoratlarning oldini olishga xizmat qiladi. Ayniqsa, homilador ayollarning muntazam tibbiy nazoratda bo‘lishi ona va homila salomatligini asrash, xavfli holatlarni erta payqash hamda zarur tibbiy yordamni kechiktirmasdan ko‘rsatish imkonini beradi.

Viloyatda xotin-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlarining ko‘lami raqamlarda ham namoyon bo‘ladi. Joriy yilning birinchi yarmida Sirdaryo viloyatida tug‘ish yoshidagi 249 ming 914 nafar ayol hisobga olingan bo‘lib, ularning 123 ming 683 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu jami ayollarning 49,5 foizini tashkil etadi. Ushbu jarayonda markazning viloyat filiali hamda tuman va shahar tibbiyot birlashmalari poliklinikalari akusher-ginekologlari ishtirok etishdi.
Tibbiy ko‘riklar natijasida 36 ming 398 nafar ayolda turli kasalliklar aniqlandi. Jumladan, 20 ming 442 nafar ayolda kamqonlik, 5 ming 560 nafarida buyrak, 2 ming 647 nafarida oshqozon-ichak, 2 ming 316 nafarida endokrin tizimi, 1 ming 858 nafarida nafas a’zolari, 2 ming 840 nafarida yurak-qon tomir tizimi kasalliklari qayd etildi. Yana 735 nafar ayolda boshqa turdagi kasalliklar aniqlandi.

Salomatligida muammolar aniqlangan ayollarga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilib, qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tish va ularning holatini muntazam nazorat qilish choralari belgilandi. Bu kabi yondashuv kasalliklarning og‘irlashib ketishining oldini olish, davolashni o‘z vaqtida boshlash va ayollarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilishda muhim o‘rin tutadi.

— Ayrim homilador ayollar mutaxassisga o‘z vaqtida murojaat qilmasdan, yaqinlari yoki katta yoshli qarindoshlarining tajribasiga tayanishi holatlari ham uchrab turadi. Ammo homiladorlik davrida har qanday xavfli belgiga jiddiy munosabatda bo‘lish zarur. Masalan, homila suvi ketishi kabi holatlarda vaqtni boy bermasdan tibbiy muassasaga murojaat qilish kerak. Chunki o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam ona va bola salomatligini asrash, ehtimoliy asoratlarning oldini olishda hal qiluvchi ahamiyatga ega, — dedi markazning Sirdaryo viloyati filiali direktori, oliy toifali akusher-ginekolog Shahlo Xojayeva.

Filial mutaxassislarining faoliyati tibbiy ko‘riklar va davolash bilan cheklanib qolmaydi. Ular o‘smirlar o‘rtasida erta nikoh va erta homiladorlikning oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlarini olib boradi. Yosh onalarga esa chaqaloqni to‘g‘ri parvarishlash, ko‘krak suti bilan oziqlantirish va bola salomatligini asrash bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi. Shuningdek, tuman va shaharlardagi shifokorlar hamda tug‘ruq bo‘limlarining o‘rta tibbiyot xodimlari uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.

Zero, ona va bola salomatligini muhofaza qilish faqat tibbiyot muassasalarining emas, balki butun jamiyatning muhim vazifasidir. Muntazam tibbiy ko‘rik, o‘z vaqtida mutaxassisga murojaat qilish va profilaktik tavsiyalarga amal qilish orqali ko‘plab kasalliklarning oldini olish mumkin. Erta tashxis, malakali tibbiy yordam va ongli yondashuv esa sog‘lom onalik, sog‘lom bolalik hamda barkamol avlod kamoloti uchun mustahkam zamin yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri