Hurriyatni aziz bilganlar hurmati
31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni
Hurriyat. Uning qadr-qimmatini istilochilarning zulmi, zug‘umidan aziyat chekkan, ularning shum va makkor niyatini aql ko‘zi, teran idrok bilan ilg‘ay olgan ajdodlarimiz muqaddas bilganlar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 1 maydagi "Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunini belgilash to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, mana yigirma yildirki, mamlakatimizda 31 avgust– Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanadi.
Sho‘rolar zamonida "qatag‘on", "repressiya" so‘zlari millionlab xazon bo‘lgan umrlar, hayotdan bevaqt ko‘z yumgan insonlar, ularning parokanda oilalarini, tarixning chigal sahifalariyu mustamlakachilarning asl qiyofasi, maqsad-muddaolarini o‘zida pinhon etgani rost. Tarixchi olimlar o‘tmishning gohi oq, gohi qora dog‘lari, deb talqin etgan bu og‘ir kunlar, yillar, o‘tmishning og‘ir silsilasi mustabidchilik g‘oyasining insonni o‘zligidan, ma’naviyati, tarixi, milliy ori-g‘ururidan mosuvo etish, uni manqurtga, qulga aylantirishdek mudhish niyatlarni ko‘zlagani endi hech kimga sir emas!
Aslida olimlarimiz, ijodkor ziyolilar bu mavzuni astoydil tadqiq etishi o‘tgan asr saksoninchi yillarining o‘rtalari, oxirrog‘idagi davrdan boshlangan, desak to‘g‘rimi, yo‘qmi, buyog‘i tarixchilar hukmiga havola. El-yurtimiz ozodligi va erkinligi yo‘lida, xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilishda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda qurbon bo‘lganlar xotirasi minnatdor avlodlar yodida abadiy saqlanib qolishi, mustabid tuzum davrida million-million begunoh insonlarning umri xazon bo‘lganini, qancha-qancha oilalar xonavayron bo‘lib, qancha-qancha go‘daklar yetim qolganini tarix, bugungi va kelajak avlod hech qachon unutmasligiga oid fikrlar istiqlol yillaridan boshlab yanada baralla yangradi.
Xalqimizning ana shunday ming-minglab fidoyi va matonatli o‘g‘il-qizlarining xotirasini eslash, haqiqat va adolatni tiklash, zamondoshlarimiz, xususan, o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbi va ongida o‘tganlar xotirasiga hurmat ruhini shakllantirishga e’tibor kuchaydi.
Mamlakatimizda "Shahidlar xotirasi" yodgorlik majmuasi barpo etildi. "Shahidlar xotirasi" jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy ta’lim muassasalari qoshida uning bo‘limlari tashkil etildi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Ishoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi ulug‘ ma’rifatparvar ajdodlarimiz xotirasiga bag‘ishlangan muhtasham haykallar, muzeylar bunyod etildi, ijod maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Siyosiy qatag‘on yillarida nohaq qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning nomlarini aniqlash, ularning qoldirgan merosini o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, badiiy va hujjatli asarlar yaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 8 oktyabrda qabul qilingan "Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoyishiga muvofiq mazkur yo‘nalishdagi ishlar yangicha ma’no-mazmun, shahdu shiddat oldi, desak yanglishmaymiz.
Tegishli tarzda komissiyalar, ishchi guruhlar tuzilib, "Yo‘l xaritasi" belgilandi. Arxivlar, ma’rifat maskanlari, huquq idoralarida olimlar, tarixchi va ekspertlarning ishlari yanada avj oldi. Aslida bu boradagi barcha ishlarning cheki, hududi,changalzoru chakalakzorining adog‘i yo‘q, qorong‘u o‘rmonda ming mashaqqat bilan olib borilayotgan ishlarga qiyoslasak, bo‘ladi. Tarixchilar, olimlar, ekspertlar, tegishli soha mutaxassislari tinim bilmadilar. Qanchadan-qancha ajdodlarning pok nomlari tiklandi.
Istiqlol bayrami arafasidagi munavvar tonglarda haqiqat aslo sinmasligi yana bir karra aniq bo‘ldi.
Nazokat Usmonova, O‘zA