Huquqni muhofaza qilish akademiyasining ilk bitiruvchilari xizmatga yo‘l oldi
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining «Tergov faoliyati» yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat ilk bitiruvchilariga diplomlar topshirildi.
Mamlakatimizda ilk bor turli huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yagona yondashuv asosida tayyorlangan tergov kadrlari yetishib chiqdi. 220 nafar bitiruvchiga oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomlar topshirildi. Birinchi qabulning barcha bitiruvchilari huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ishga joylashtirildi.
Mazkur ilk bitiruv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi «Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq yaratilgan yangi tizimning amaliy natijasi bo‘ldi.
Qisqa muddatda Akademiyada bo‘lajak tergovchilarni tayyorlash uchun zamonaviy ta’lim infratuzilmasi shakllantirildi. U ixtisoslashtirilgan auditoriyalar, o‘quv-imitatsiya xonalari, kriminalistik laboratoriyalar, axborot-resurs markazi, sport majmuasi va talabalar turar joyini qamrab oldi.

Yangi model ilk bor turli idoralar uchun tergov kadrlarini tayyorlashni umumiy ta’lim tizimi doirasida birlashtirdi. Talabalar kelgusida qaysi idorada xizmat qilishidan qat’i nazar, kasbiy kompetentlik, tergov sifati, qonuniylikka rioya etish va protsessual qarorlarning asosliligiga doir yagona talablar asosida tahsil oldi.
Ta’lim jarayoni amaliyotga yo‘naltirilgan bo‘lib, dual ta’lim tamoyillari asosida tashkil etildi. Nazariy tayyorgarlik bilan bir qatorda, talabalar bevosita tergov va surishtiruv bo‘linmalarida, shuningdek, sud-ekspertlik muassasalarida amaliy ta’lim oldi, tergovning zamonaviy usullarini o‘zlashtirdi hamda muayyan xizmat vazifalarini hal etish bo‘yicha tajriba orttirdi.
Ta’limning bunday tashkil etilishi mustaqil kasbiy faoliyat uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni – jinoyat holatlarini tahlil qilish, tergovni rejalashtirish, dalillar bilan ishlash, qilmishlarga huquqiy baho berish, asosli protsessual qarorlar qabul qilish va zamonaviy kriminalistik vositalardan foydalanish malakalarini shakllantirish imkonini berdi.

Ilg‘or xorijiy tajribani, jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishning zamonaviy metodikalarini, sud ekspertizasining imkoniyatlarini, raqamli kriminalistika hamda tergov faoliyatida axborot texnologiyalarini qo‘llash usullarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.
Qonunga xizmat qilishda prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan fazilatlarni shakllantirish ham tayyorgarlikning ajralmas qismi bo‘ldi. Talabalarda halollik, xolislik, mas’uliyat, tahliliy fikrlash, qaror qabul qilishda vazminlik, inson qadr-qimmatiga hurmat va qonunbuzarliklarga murosasizlik kabi fazilatlar qaror topdi.

Davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarining marosimdagi ishtiroki ilk bitiruvning mamlakat huquqni muhofaza qilish tizimi uchun alohida ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi. Tadbirda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov, Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov, Davlat xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari, davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, prokuratura organlari faxriylari, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda bitiruvchilarning ota-onalari ishtirok etdi.
N.Yo‘ldoshev bitiruvchilarga qarata endi ular davlatning ishonchli vakili va xalq xizmatchisi sifatida jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga mas’ul ekanliklarini qayd etdi. Odamlar ular timsolida haqiqat, adolat va qonunning mustahkam tayanchini, o‘z huquqlarining ishonchli himoyachisini ko‘rishi, hech kim ularning xatosi yoki mas’uliyatsizligi tufayli nohaq jabr ko‘rmasligi lozimligiga alohida urg‘u berildi.
Diplomlarni yosh mutaxassislarga Bosh prokuror, Ichki ishlar vaziri, Bojxona qo‘mitasi raisi va Davlat xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari topshirdi. O‘qishni eng yuqori natijalar bilan tamomlagan bitiruvchilarga imtiyozli diplomlar berildi.
Marosimda so‘zga chiqqan huquqni muhofaza qiluvchi organlar faxriylari hamda bitiruvchilarning ota-onalari yosh mutaxassislarni samimiy qutladi. Ular bitiruvchilar olgan bilim va kasbiy ko‘nikmalarini kundalik xizmat faoliyatida – jinoyatlarni har tomonlama, to‘liq va xolis tergov qilish, har bir protsessual qarorning qonuniy va asosli bo‘lishini ta’minlash, dalillarga hurmat bilan yondashish hamda qonunga og‘ishmay rioya etish orqali namoyon etishlari lozimligini ta’kidladi.
Akademiyaning birinchi qaldirg‘ochlari uchun ta’lim davri yakunlanib, Vatan va xalqqa mas’uliyat bilan xizmat qilishning yangi bosqichi boshlandi. Ularning kelgusi kasbiy faoliyati tergov kadrlarini tayyorlashning yangi tizimi samaradorligini ko‘rsatuvchi amaliy mezonga aylanadi hamda Akademiyada bitiruvchilik an’analari shakllanishiga asos bo‘ladi.
N.Abduraimova, O‘zA