“Huquqiy mahalla” loyihasi amalda
Farmon va ijro
Prezidentimizning 2024 yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida adliya idoralari tomonidan “mahalla yettiligi” a’zolari bilan birgalikda uyma-uy yurgan holda aholining huquqiy muammolari aniqlanishi belgilab berildi.
Bu bilan fuqarolarni qiynayotgan masalalarni hal etish, ularga huquqiy birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish, davlat organlari va mahallalarda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda metodik yordamlashish asosiy yo‘nalishlardan biriga aylandi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, “mahalla yettiligi” a’zolari va aholining huquqiy savodxonligini yanada oshirish maqsadida joylarda “Adliya kuni”, “Huquqiy targ‘ibot kuni” loyihalari doirasida manzilli targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda.
[gallery-24372]
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat bo‘yicha 66 697 ta xonadonlarga uyma-uy yurish orqali 48 672 ta huquqiy muammo aniqlanib, 48 540 tasi hal etildi. Aholiga 3 663 ta huquqiy hujjat loyihasi tayyorlab berilib, bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatildi. 1 007 ta “Adliya kuni” tadbirlari o‘tkazilib, aholiga qulaylik yaratish maqsadida 32 143ta sayyor xizmatlar ko‘rsatildi.
– Davlat rahbarining farmoni bilan adliya organlariga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi, – deydi G‘ijduvon tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Sardor Iskandarov. – Shunga ko‘ra adliya bo‘limlari “mahalla yettiligi” bilan aholini kundalik uchraydigan huquqiy muammolarni uyma-uy aniqlab, ularga birlamchi bepul huquqiy yordam ko‘rsatib, huquqiy maslahatlar berib kelmoqda. Aholining huquqiy ongini oshirish maqsadida targ‘ibot tadbirlari ham o‘tkazib kelinmoqda. Tumanda 4 mingga yaqin huquqiy muammo aniqlanib, ularda asosan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, meros ishi, kommunal idoralar, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish, FXDYO, davlat xizmatlari markazlari bilan bog‘liq masalalarni tashkil etadi.
G‘ijduvon tumanidagi “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inida ham aholining huquqiy muammolarini hal etishning Buxoro tajribasi asosida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Adliya bo‘limi tomonidan “mahalla yettiligi” va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda muammolarni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, ushbu choralar natijasida mahalla hududidagi 11 nafar shaxsga tug‘ilganlik guvohnomasi va 3 nafar nikoh qayd etib berildi.
– Mahallamizda 574 ta xonadon bo‘lib, 2905 nafar aholi istiqomat qiladi. Aholimiz adliya xodimlari tomonidan “xonadonbay” o‘rganildi va huquqiy yordam berildi. Doimiy aholimiz bilan targ‘ibot ishlarini olib boryapti. Doimiy sayyor qabullar o‘tkazilyapti. Qabullarda aholimiz o‘z muammolariga huquqiy javob olmoqda, – deydi “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Odil Baqoyev.
O‘tgan davr mobaynida G‘ijduvonda 2 329 ta xonadonlarga uyma-uy yurish orqali 2 025 ta huquqiy muammo aniqlanib, 1 993 tasi hal etildi. 22 ta huquqiy hujjat loyihasi tayyorlab berilib, bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, maktablarda “Huquq sinfi” va huquq fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitilishini tashkil etish orqali yuridik kadrlarni tayyorlashda “maktab-litsey-texnikum-universitet” tizimini joriy etish belgilandi.
Mahalla aholisiga, avvalo, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishi ta’minlanmoqda. Shu bilan birga, “mahalla yettiligiga” qonunchilik hujjatlarining mohiyati oddiy tilda yetkazilmoqda hamda mahalla tuzilmasida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatilmoqda.
Mahallalarda haftaning har chorshanba kuni tashkil etiladigan “Huquqiy targ‘ibot kuni”da, eng avvalo, “Online-mahalla” platformasiga kiritilgan va aniqlangan muammolarning huquqiy yechimiga qaratilgan manzilli va predmetli huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, aholiga zarur huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilmoqda. Bu yo‘nalishda Jondor tumanidagi Nurafshon mahallasida ham tizimli ishlar tashkil qilingan.
“O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunga asosan adliya organlari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ko‘chmas mulk va undagi yer maydonlariga nisbatan mulk huquqini belgilash orqali fuqarolarning ko‘p yillik muammolari hal qilinib, tom ma’noda halqimizning davlat idoralaridan roziligiga erishilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Buxoro viloyatida Qonun talablari asosida fuqarolarning mulk huquqlari e’tirof etilishi aholining ko‘p yillik muammolarining hal qilinishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.