Huquqiy madaniyatni yuksaltirish – hayotiy zarurat
Konstitutsiya va qonunlarimizda belgilangan huquqiy normalar asosida milliy qonunchilik tizimi yaratildi. Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar fuqarolarimiz huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan.
Davlat organlarining xalqqa xizmat qilishi va inson manfaatlarini ta’minlashi, normativ-huquqiy hujjatlarning amalda samarali ishlashi jarayonlarini yoshlarning ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Yoshlar mustaqil davlatimizning strategik maqsadi sanaladi. Shu bois galdagi ustuvor vazifalardan biri mamlakatimizda yoshlar huquqiy madaniyatini yuksaltirish hisoblanadi. Sababi, bugungi yoshlar O‘zbekiston davlatining ertangi taraqqiyotini belgilovchi kuch sanaladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, mamlakatimizdagi bugungi huquqiy islohotlarning maqsadi aynan mustaqillik mafkurasi ruhida tarbiyalanayotgan, milliy va umumbashariy qadriyatlarni keng o‘zlashtirayotgan yoshlarimizning istiqboliga qaratilgan.
Zero, Konstitutsiya va qonunlar hamda inson huquqi va erkinligi ustuvor bo‘lgan davlatning poydevori mustahkam bo‘ladi. Har bir shaxsning o‘z haq-huquqini bilishi va uni amalda himoya qila olishi mamlakat taraqqiyotining muhim shartidir.
Mamlakatimizda har bir normativ-huquqiy hujjatda inson taqdiri, huquqlari, manfaatlari, erkinligi mujassam. Fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ushbu huquqiy hujjatlarning mazmun, mohiyatini bilishi va undan amalda foydalana olishi lozim.
Buning uchun esa yoshlarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish zarur.
Umuman olganda, yoshlarning huquqiy madaniyati deganda nima tushuniladi? Olimlarning e’tiroficha, huquqiy madaniyat umumiy madaniyatning muhim va ajralmas elementidir. Bu huquqni anglash va tushunish degani. Huquqiy madaniyatning asosiy elementlariga inson huquqiy ongi, huquqqa asoslanish va qonunga itoatkorlik, shaxsning huquqiy faolligi kabilar kiradi. Demak, yoshlar huquqiy madaniyati tushunchasi ham mazkur ilmiy ta’rifdan ayri emas.
Huquqiy madaniyat, avvalo, ma’naviy hodisadir. Chunki huquqiy madaniyatni yuksaltirish jarayonida dastlab axloqiy madaniyatning insof, vijdon, odillik va o‘z qadrini bilish kabi elementlari, ular asosida esa huquqiy madaniyat shakllanadi. Mazkur elementlarsiz huquqiy madaniyat hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Yoshlar o‘zlariga tegishli qonunlar yordamida yaxshilik va yomonlik, erkinlik va qullik, hurmat va hurmatsizlik kabi huquq sohasining eng boshlang‘ich alifbosini anglab, idrok etib boradi. Yoshlar voyaga yetishi mobaynida huquqning davlat huquqi tarixi va nazariyasi, badiiy adabiyotlar yordamida esa kriminalistika, sud jarayonlari kabi sohalariga qiziqib, ular haqida tegishli bilimga ega bo‘ladi. Huquqiy madaniyat mavhum tushuncha emas. Aksincha, ular axloqiy madaniyat asosida shakllanadigan, shaxsning davlat organlari bilan muntazam munosabati va inson huquqiy erkinligi hamda inson manfaatlari to‘g‘risidagi bilim va ko‘nikmalarning yig‘indisi hisoblanadi.
Yoshlar huquqiy madaniyati yaxlit bir tizim bo‘lgani bois uni yuksaltirish jarayoniga barcha davlat organlari, huquqiy institutlar va fuqarolik jamiyati institutlarining jalb etilishi o‘z samarasini beradi.
Yurtimizda yangi hayot, yangi jamiyat qurish maqsadida boshlangan zalvorli ishlarimizni mantiqiy yakuniga yetkazish uchun yoshlar huquqiy madaniyatini yuksaltirish hayotiy zaruratdir.
Saida Ismailova,
Mirzo Ulug‘bek tumani FHDYO bo‘limi mudirasi