Huquqbuzarliklarning oldini olish ishlari qanday samara bermoqda? (+video)
Prezidentimizning “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan mas’ul idoralar va muassasalar uchun ustuvor vazifalar belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi oldiga ham muhim vazifalar qo‘yildi.
Jumladan, maktablarda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktablarda davomat, o‘smir, sektor rahbari va yoshlar uchrashuvi, ijtimoiy yordam kabi tadbirlarni manzilli ravishda o‘tkazib borish belgilandi. Bundan ko‘zlangan maqsad mahalla yettiligi bilan hamkorlikda maktablarda o‘quvchilar ishtirokidagi turli huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktik ishlarni kuchaytirishdan iboratdir.
O‘tgan davr mobaynida Milliy gvardiya inspektor-psixologlari maktab ma’muriyati va mahalla yettiligi bilan hamkorlikda olib borgan sa’y harakatlari natijasida maktablarda o‘quvchilarning davomati sezilarli darajada yaxshilanishiga erishildi. Biroq o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida o‘quvchilarning yonidan turli tig‘li jismlar, elektron sigareta kabilar ham topilmoqda.
Misol uchun, Chilonzor tumanidagi 164 va 167-umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning ikki nafarida elektron sigareta borligi aniqlandi. Yana bir o‘quvchining esa avtomashina boshqarish uchun guvohnoma olish yoshiga yetmagan bo‘lsada, mashina kalitini olib yurgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha mahallada ota-onalar ishtirokida muhokama o‘tkazildi.
Bu kabi tadbirlar yoshlarning yomon illatlarga qaram bo‘lib qolishining oldini olishga xizmat qiladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/xdTLZOJAQK0?si=4T5-CCBjfN105jtH" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, O‘zA