Huquq va erkinligimiz kafolati
Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 313-umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma uch yilligiga bag‘ishlab, “Konstitutsiyamiz – huquq va erkinligimiz kafolati” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 313-umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma uch yilligiga bag‘ishlab, “Konstitutsiyamiz – huquq va erkinligimiz kafolati” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.Unda Respublika ta’lim markazi, Toshkent shahar pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, bir qator oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, xalq ta’limi xodimlari, maktablarning tarix, ona tili va adabiyoti fanlari o‘qituvchilari ishtirok etdi.
– Davlat suvereniteti va u tanlagan yo‘l, xalqning xohish-irodasi uning Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topadi, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori M.Ishoqov. – Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz istiqlolga erishgach, mustaqil davlatimizning Asosiy qonunini har tomonlama mukammal yaratish ustida ish olib borildi. Prezidentimizning g‘oya va takliflari, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari va rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida Konstitutsiya loyihasi tayyorlanib, atroflicha muhokama etildi. Bunda nafaqat har bir modda va banddagi qoida, me’yorlar, balki so‘zlarni qo‘llashgacha e’tibor bilan yondashildi.
Xalqimiz erishgan betimsol yutuqlar, tinch-osoyishta, to‘kin va farovon hayotimiz, navqiron avlodni barkamol insonlar etib voyaga yetkazish – bularning barchasi negizida Konstitutsiyamiz turibdi. Zero, Asosiy qonunimiz demokratik huquqiy davlat barpo etish, inson huquqlari ustuvorligini, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashdek ulkan maqsadlarga erishishning muhim kafolatidir.
Tadbirda informatsion kurashlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab davrda yoshlarni turli g‘oyaviy xurujlardan himoya qilish, hushyorlik va ogohlikka da’vat etish, ularni Vatanga, xalqimizning milliy qadriyatlariga sadoqat ruhida tarbiyalash, “ommaviy madaniyat”, yot g‘oya va oqimlar ta’siridan asrash yuzasidan fikr almashildi.