Huquq va burchlar haqida ochiq muloqotlar
Bosh Qomusimizning 40-moddasida har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi kafolatlangan.
Bosh Qomusimizning 40-moddasida har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi kafolatlangan.
Ushbu konstitutsiyaviy qoida “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonun bilan yanada mustahkamlanib, unda fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashning asosiy prinsiplari o‘rin olgan.
Bu borada sog‘liqni saqlash sohasida inson huquqlariga rioya qilinishi, aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan bahramand bo‘la olishi, profilaktika chora-tadbirlarining ustunligi, sog‘lig‘ini yo‘qotgan taqdirda fuqarolarning ijtimoiy himoya qilinishi, tibbiyot fanining amaliyot bilan birligi ta’minlanishi shart.
Bu me’yorlarning amalda to‘liq ifodasini topishi nafaqat aholining, balki sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining ulardan xabardor bo‘lishini taqozo qiladi. Demak, tibbiyot xodimlari faqat o‘z sohasi bo‘yicha ilm va tajriba egallash bilan cheklanib qolmay, boshqa qonun hujjatlarini ham bilishi zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi shu maqsadda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda uning tizimida faoliyat yurituvchi xodimlar uchun huquqiy o‘quv kurslari tashkil etdi.
Kurslarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, inson huquq va manfaatlariga qaratilgan qonunlar, tibbiyot xodimlari bilishi va e’tibor qaratishi zarur bo‘lgan jihatlar bo‘yicha tushuncha berildi.
Shu bilan birga, korrupsiyaning xavfli jihatlari, bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Chunki aynan ushbu sohada bu illat uchrab turishi sir emas. Bunga barham berish borasida davlat tomonidan soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy ishlar qilindi. Bunga javoban tibbiyotchilar ham o‘z faoliyatlarida halollikka, qonuniylikka rioya etishi aholining noroziligi barham topishiga, muhimi, sohaning rivojlanishiga yo‘l ochadi.
Bundan tashqari, mehnat qonunchiligi normalari, murojaatlar bilan ishlashga oid me’yorlar hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va kelishish tartibi ham tushuntirildi.
– Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida bepul huquqiy maslahat kurslari tashkil etilayotgani xodimlarning huquqiy madaniyati oshishiga ko‘mak beradi, – deydi Adliya vazirligi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Rabiev. – Turli soha xodimlari bilan yuzma-yuz muloqot qilar ekanmiz, ularda ham o‘ziga yarasha savollar borligiga guvoh bo‘layapmiz. Ularga javob berish barobarida huquq va burchlar haqida, qolaversa mas’uliyat haqida olib borayotgan suhbatlarimiz ta’sirchanligi sezilmoqda.
O‘quv kurslarida Adliya vazirligi mas’ul xodimlari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor o‘qituvchilari va Yuristlar malakasini oshirish markazining malakali xodimlari ham ishtirok etmoqda.
O‘quv yakunida xodimlarning qonun hujjatlaridan xabardorlik darajasi ham o‘rganib borilmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan shu yilning o‘tgan davrida Mudofaa, Maktabgacha ta’lim, Investitsiyalar va tashqi savdo, Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Jismoniy tarbiya va sport, Innovatsion rivojlanish, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Statistika, Monopoliyaga qarshi kurashish, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitalari xodimlari uchun shunday bepul huquqiy kurslar tashkil etilgan.