Hunarmandlar markazidan ustalar xonadonigacha
Oʻtgan yil 14,7 milliard soʻmlik bank krediti hisobiga hunarmandlar tomonidan 411 ta loyiha amalga oshirilib, 1 ming 270 nafar aholi bandligi taʼminlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi, Samarqand viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat boʻlimi hamkorligida Samarqand viloyatida hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼatini rivojlantirishga bagʻishlangan press-tur tashkil etildi.
Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda Samarqand viloyatida “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlgan 6 mingdan ortiq hunarmand va ularning shogirdlari 34 yoʻnalish boʻyicha hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼatini davom ettirmoqda. “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida 4 ming 400 nafarga yaqin yoshlar mahoratli ustalardan hunar sirlarini oʻrganmoqda. 2020-yil 1-martga qadar uyushmaga ming nafardan ziyod yangi aʼzo jalb etildi va 2 ming nafardan ortiq yoshlar shogirdlikka qabul qilindi.
Oʻtgan yil 14,7 milliard soʻmlik bank krediti hisobiga hunarmandlar tomonidan 411 ta loyiha amalga oshirilib, 1 ming 270 nafar aholi bandligi taʼminlandi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida esa 29,4 milliard soʻm bank krediti hisobiga 834 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Press-tur qatnashchilari dastlab Samarqand shahridagi “Hunarmandlar markazi”da kulolchilik, zargarlik, naqqoshlik, kandakorlik, zardoʻzlik kabi hunarmandchilik turlari bilan shugʻullanayotgan ustalar faoliyati bilan tanishdi.
Keyingi manzil “Samarqand – Buxoro ipak gilamlari” Oʻzbekiston – Afgʻoniston qoʻshma korxonasi boʻldi. 250 nafar xotin-qiz faoliyat koʻrsatayotgan mazkur korxonada ipakning tabiiy boʻyoqlar bilan ranglanishi va gilam toʻqish jarayoni tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.
Korxonaning koʻrgazma zalida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov press-tur ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.
– Har kim ham hunarmandchilik mahsulotlariga xaridor boʻlavermaydi, ularni asosan, sanʼatni, qoʻl mehnati mashaqqatini tushunadigan, undan zavqlana oladigan insonlargina sotib oladi, – dedi E.Turdimov. – Samarqandlik hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar shu paytga qadar, asosan, xorijliklar tomonidan xarid qilinar edi. Bugungi kunda mahalliy aholining ham bunga qiziqishi ortib bormoqda. Viloyatimizda hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlash jarayonini sayyohlarga koʻrsatish maqsadida turistik maskanlar tashkil etilmoqda.

Suhbat chogʻida jurnalist va blogerlarga Samarqand hunarmandchiligi va xalq amaliy sanʼatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shundan soʻng press-tur ishtirokchilari Urgut tumanidagi kulollar sulolasining sakkizinchi vakili Noʻmon Obloqulov xonadonida boʻldi. Bu yerda ular kulolning ustaxonasi, koʻrgazma zali bilan tanishdi. Kulolchilik mahsulotlari yasalish jarayonini tomosha qildi.
Jurnalist va blogerlar toyloqlik rassom Ahmad Umarov ijod uyida ham boʻlishdi.
Tadbirning ikkinchi kuni Samarqand shahridagi Bunyodkor mahallasida faoliyat yuritayotgan yogʻoch oʻymakori Mansur Asadov ustaxonasidagi ish jarayoni bilan tanishishdan boshlandi. Bu yerda oddiy yogʻochdan noyob va goʻzal buyumlar yaratib, ularga “jon” bagʻishlayotgan hunarmand va “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida ushbu hunar sirlarini oʻrganayotgan yoshlar ishi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shundan soʻng, press-tur ishtirokchilari Samarqand tumanidagi “Konigil meros” xususiy korxonasiga bordi. Bu yerda ular qadimiy qogʻoz ishlab chiqarish jarayoni, tegirmon va juvozlar, korxona hududida oʻtmish va bugun uygʻunligida sayyohlar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi.
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yana-da rivojlantirish va hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan hududlar hunarmandlar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashtiriladi, hunarmandchilik mahsulotlarini chet el bozorlarida namoyish etish va sotishga koʻmaklashish uchun Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari hududlarga biriktirildi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi U.Hakimov. – Diplomatik vakolatxonalar esa oʻzlariga biriktirilgan hududlarda hunarmandlar mahsulotlarini namoyish etish va sotishga amaliy yordam koʻrsatishi belgilandi. Bu imkoniyatdan samarqandlik hunarmandlar ham samarali foydalanmoqda. Shuningdek, viloyatimizdagi yirik savdo majmualari va dehqon bozorlari hududida alohida hunarmandlar rastalari tashkil etilib, ularga “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo xalq amaliy sanʼati ustalarining mahsulotlari joylashtirib borilishi belgilangan. Joriy yil yakuniga qadar tadbirkor, hunarmand va tashabbuskorlarni jalb qilgan holda Samarqand shahridagi Bibixonim tarixiy-meʼmoriy majmuasida milliy hunarmandchilikning barcha yoʻnalishlarini oʻzida mujassam etadigan zamonaviy “Hunarmandlar bozori” tashkil etiladi.