Hunarmand opaning xayrli tashabbusi
Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida Prezidentimizning farmoniga ko‘ra «Jasorat» medali bilan taqdirlangan Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidan hunarmand Qudratxon Teshaboyeva xayrli ishga qo‘l urdi.
U mahallalardagi ishsiz xotin-qizlar va maktab o‘quvchilariga milliy hunarmandchilik sir-asrorlarini o‘rgatmoqda. Xonadonida tashkil etilgan mahorat darsi barcha ishtirokchilar uchun zavqli kechdi.
–Hayot sinovlarini bir qo‘li bilan yengib kelayotgan, asl matonat va sabr egasi bo‘lgan Qudratxon opa tumanimiz ayollari uchun haqiqiy o‘rnak, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Dilfuzaxon Karimova. – Biz bu hunarmandni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Ishsiz ayollar bandligini ta’minlash, ularni hunarmandchilikning turli yo‘nalishlariga keng jalb etish orqali jamiyatda va oilada xotin-qizlarning ijtimoiy mavqeini yanada oshirishga qaratilgan bu kabi amaliy tadbirlar tumanning boshqa hududlarida ham tashkil etiladi.
Qudratxon opa 15 yildan buyon sopol idishlarga gul chizish bilan shug‘ullanadi. O‘zining aytishicha, mana shu hunari bilan 5 nafar farzandni voyaga yetkazdi. Kelinlar ham xonadon bekasidan hunar o‘rganib, ro‘zg‘or tebratmoqda.
– Oddiy qishloq ayoliga ko‘rsatilgan e’tibordan judayam baxtiyorman, – deydi Qudratxon opa. – Shu hunarim meni elga tanitdi, kamimni butladi. O‘g‘illarimni o‘qitib, birin-ketin elga qo‘shyapman. Hunardan rizqing unar, deganlari bekormas, men sizga aytsam. Olma pish og‘zimga tush, deydigan zamon ham emas hozir. Ishlash kerak, intilish kerak. Bir qo‘lim bilan sigir sog‘aman, ko‘rpa-yostiq qaviyman, gul chizaman, ishqilib, birovga yukinib qolganim yo‘q. Kelinlarimni ham shunga o‘rgataman doim.
Bag‘dod tumani hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Naziraxon Mamatqulovaga so‘zlariga ko‘ra, mahorat darsidan keyin 12 nafar mahalla ayoli va 5 nafar maktab o‘quvchisi Qudratxon opaga shogird tushish istagini bildirgan.


M. Sulaymonov, O‘zA