“Humo” xokkey maydonlariga qaytmoqda
Toshkentning “Humo” xokkey klubi ikki yillik tanaffusdan so‘ng yana xalqaro turnirda ishtirok etadi, deya xabar bermoqda Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan ikki yillik tanaffusdan so‘ng, “Humo” yana xalqaro o‘yinlarda ishtirok etadi. Bu safar Qozog‘istonning Pro-Ligasida.
– “Humo” muz maydonining shiddatli bahslariga qaytmoqda. Yangi mavsumda klub “Pro xokkey liga”dagi ishtirokini boshlaydi. Bu O‘zbekiston va Qozog‘iston xokkey muxlislarini xursand qilishi shubhasiz. Qozog‘iston chempionatida mahoratli jamoalar yig‘ilgan. Ishonchim komil, “Humo”ning turnirdagi ishtiroki mamlakatimizda xokkeyning rivojiga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston xokkey federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Bahodir G‘afurov.
Aytish lozim, qo‘shni mamlakatda o‘tadigan ushbu liga bahslari o‘ttiz birinchi marta o‘tkazilmoqda. O‘yinlarga joriy yil 5 sentyabrda start beriladi hamda kelgusi yilning fevraliga qadar davom etadi. Pro-liga nizomiga binoan 1-8-o‘rinlarni egallagan jamoalar pley-off bosqichiga chiqadi. Pley-off bahslari esa mart oyida boshlanib, aprelning so‘nggi kunlarida yakun topadi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentning “Humo” klubi Qozog‘istonda o‘tadigan ushbu Pro-liga bahslarida 2019-2020 yilgi mavsumda qatnashgandi. O‘shanda vakillarimiz 10-o‘rindan joy olgan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA