Hududlarda "Besh tashabbus paralimpiadasi" qizg‘in o‘tmoqda
"Besh tashabbus paralimpiadasi"ning Jizzax viloyat bosqichida tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar o‘zaro bellashdi. O‘z yo‘nalishlarida tengsiz bo‘lgan ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi hamda Respublika final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

***
Qarshi shahar madaniyat va istirohat bog‘ida mahallalardagi nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida «Besh tashabbus paralimpiadasi» ommaviy sport musobaqalarining Qashqadaryo viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Musobaqada viloyatning tuman-shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 288 nafar yoshlar ishtirok etdi. Yakunda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar Respublika final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

***
Musobaqaning Surxondaryo viloyat bosqichida 16-30 yosh toifasidagi nogironligi bo‘lgan yoshlar para shaxmat, para shashka, para stol tennisi va aravachada stol tennisi, para yengil atletika hamda para badminton bo‘yicha o‘z iqtidorlarini sinab ko‘rdi. Yakunda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar Respublika final bosqichi yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
***

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham kuchlilar saralandi. Jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqa bayramona kayfiyatda tashkil etildi. G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
***

«Besh tashabbus paralimpiadasi»ning Buxoro viloyat bosqichi Buxoro Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida o‘tkazildi. Musobaqada shahar va tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan 200 nafarga yaqin jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yoshlar para shashka, para shaxmat, para stol tennisi, para yengil atletika turlari bo‘yicha o‘zaro bahs olib bordi. Musobaqa so‘ngida g‘olib va sovrindorlarga medal, diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, «Besh tashabbus paralimpiadasi»ning Respublika final bosqichi iyun oyida bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA