Hududlar obodligi – yurt farovonligi
Farg‘ona viloyatida sanoatni rivojlantirish, ayniqsa, qishloq joylarda sifatli, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va zamonaviy xizmat turlarini ko‘paytirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Farg‘ona viloyatida sanoatni rivojlantirish, ayniqsa, qishloq joylarda sifatli, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va zamonaviy xizmat turlarini ko‘paytirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida joriy yilning birinchi yarmida 2 mingga yaqin loyiha amalga oshirilib, 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.Mazkur dastur samarasida Yozyovon tumanida ham katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda, aholi farovonligi oshib, qishloq va mahallalar tobora obod bo‘layotir. Bir paytlar faqat agrar soha bilan cheklangan tumanda bugungi kunda sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida birgina sanoat yo‘nalishida 13 istiqbolli loyiha amalga oshirilib, 1 milliard 326 million so‘m mablag‘ sarflandi. Eng muhimi, kasb-hunar kollejlarini bitirgan ko‘plab yoshlar bandligi ta’minlandi.
Mamlakatimizda tadbirkorlarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar tuman ahlini ham yangi loyihalar sari undamoqda. Ayni paytda bu yerda mingdan ortiq kichik biznes subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli joriy yilning o‘tgan davrida 110 tadbirkorlik subyekti tashkil etildi.
Qishloqlarda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar raqobatbardosh mahsulotlar turini ko‘paytirish hamda aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. “Algoritm” xususiy korxonasi ana shulardan biri. Bu yerda tayyorlanayotgan qishki kiyim-kechaklar xorijnikidan aslo qolishmaydi. Bu mahsulotlarni qo‘li gul yozyovonlik chevar qizlar tikmoqda.
– Korxonamiz 1998-yilda atigi 2 ishchi bilan faoliyat boshlagan, – deydi “Algoritm” xususiy korxonasi rahbari Shohsanam Mamadaliyeva. – Bugun tikuvchilarning soni 50 dan oshdi. Prezidentimizning tadbirkorlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi ishimiz rivojida muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, soliq sohasidagi turli imtiyozlar, bank kreditlari korxona faoliyatini yanada kengaytirish imkonini berayotir.Niyatimiz, kelajakda ishlab chiqarishni kengaytirish hisobidan yana 200 ish o‘rni yaratish.
Bunday sa’y-harakatlar qishloq va mahallalarning yanada chiroy ochishiga xizmat qilmoqda. Masalan, yaqinda tuman markazidagi “Dehqon bozori” butunlay qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, o‘nta maktabning zamonaviy sport zali, Yozyovon transport kasb-hunar kollejining yangi ustaxona binosi qurib berildi.