Hududiy maqom teatrlari o‘rtasida memorandumlar imzolandi
Teatr azal-azaldan insonlarni ma’rifatga yetaklashga xizmat qilgan. Unda jamiyatdagi salbiy illatlar misli ko‘zgudek namoyon bo‘ladi. Har bir millatning etnik tarixidan kelib chiqib uning teatri shakllangan. Tabiiyki, bunda ham mushtarak jihatlar yetarlicha. Masalan, tarixi, geografik joylashuvi bir-biriga yaqin millatlar teatri ham o‘xshash bo‘ladi. Mamlakatimizda san’at va madaniyatga bo‘lgan e’tibor natijasida teatr san’ati ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yo‘lda esa xalqaro hamkorliklar samara bermoqda.
Shunday hamkorliklarning izchil davomi o‘laroq, Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahrida o‘tkazilgan xalqaro "Ushshoqi Rahmoni" shashmaqom festivali doirasida Kamol Xo‘jandiy nomidagi Xo‘jand musiqali drama teatri hamda Nuri Xo‘jand maqom ansambli va Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatrlari o‘rtasida xalqaro memorandum imzolandi.

Ushbu hujjat ikki mamlakat teatr jamoalari o‘rtasida madaniy hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish hamda o‘zaro gastrol safarlari va ijodiy loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Shuni aytish kerakki, mazkur memorandum nafaqat maqom san’atini rivojlantirish, balki O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
Sherbek Islomov, O‘zA