Hudud rivoji strategik yondashuvlarga bog‘liq
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi mas’ullari hamda tegishli rahbarlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va ko‘rsatkichlarga to‘laqonli erishish, hududni rivojlantirishga qaratilgan strategik hujjatlarni o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqish hamda ularning ijrosini tizimli tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, hududdagi mavjud muammolarni barvaqt aniqlash va tezkor hal etish, ustuvor yo‘nalishlarni chuqur tahlil qilish hamda strategik maqsadlarga erishishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishda hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Prezidentimizning 2025-yil 29-dekabrdagi “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish va samarali yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish yuzasidan aniq va amaliy takliflar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda, shuningdek, Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan Geoportal imkoniyatlari namoyish etildi. Mazkur tizim hududlardagi ijtimoiy va kommunal ob’ektlar, infratuzilma hamda ularga oid ma’lumotlarni yagona platformada aks ettirish imkonini beradi.
Geoportalni hudud rahbariyati va mas’ullar faoliyatiga keng joriy etish, undan samarali foydalanish orqali mavjud muammolarni manzilli aniqlash va tezkor choralar ko‘rish bo‘yicha kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish, hudud rivojiga ta’sir ko‘rsatayotgan masalalarni manzilli hal etish hamda strategik ko‘rsatkichlar ijrosini doimiy monitoring qilib borish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
A.Musayev, O‘zA