Hosildor navlar – to‘kinlik va baraka manbai
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida “O‘zbekistonda sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik sohalarida ilm-fanning o‘rni va istiqbollari” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida “O‘zbekistonda sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik sohalarida ilm-fanning o‘rni va istiqbollari” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.Mazkur institut direktori R.Hakimov, Toshkent davlat agrar universiteti prorektori A.Odilov va boshqalar mamlakatimizda ekin maydonlarini optimallashtirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini rayonlashtirish borasida har tomonlama puxta o‘ylangan siyosat olib borilayotgani, ilmiy ishlarning tarmoqqa keng joriy etilishi mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Sifatli, ertapishar, serhosil navlarni ekishga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, xususan, kartoshkachilikda yuqori samaradorlikka erishilmoqda. Bugun xalqimizning ushbu mahsulotga bo‘lgan ehtiyoji yurtimizda yetishtirilgan hosil hisobidan to‘liq qoplanmoqda. Bu jarayonda olim va mutaxassislar olib borayotgan ilmiy izlanishlar, yangi navlarni yaratish hamda tabiiy-iqlim sharoitimizga moslashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar yuksak samaralar bermoqda.
Keyingi yillarda institut jamoasi tomonidan yuzga yaqin yangi nav, jumladan, pomidorning “Sitora”, bodringning “Zilol”, lavlagining “Diyor”, piyozning “Sunbula”, qalampirning “Jayhun”, tarvuzning “Sharq ne’mati”, “Chillaki”, qovunning “Gulobi”, “Lazzatli”, kartoshkaning “To‘yimli”, “Aqrab”, baqlajonning “Feruz”, “Surxon go‘zali” kabi navlari yaratildi. Ayni paytda ko‘plab navlar mahalliylashtirildi.
Serhosil navlar dehqon daromadini ko‘paytirish bilan birga, bozorlarimizning to‘kinligini ta’minlamoqda. Xususan, bahor oylarida piyoz taqchil bo‘lishining oldi olindi. Institut olimlari yaratgan piyozning “Sunbula” navi avgustda ekilib, ayni bahorda, ushbu mahsulotning qishki zaxirasi tugagan paytda pishib yetiladi. Gektaridan 70-80 tonna hosil beradi.
– Kartoshkaning “To‘yimli”, “Umid”, “Aqrab”, “Diyora”, “Pskom”, “Serhosil”, “Sarnav”, “Ko‘ksaroy” navlari dehqonlarimizga ma’qul kelayotir, – deydi institutning kartoshka seleksiyasi va urug‘chiligi laboratoriyasi mudiri Dilshod Tursunov. – Hozir Toshkent, Samarqand, Farg‘ona viloyatlarining tog‘oldi hududlarida kartoshkadan mo‘l hosil yetishtirilmoqda. Jumladan, Namangan viloyatidagi ellikka yaqin fermer xo‘jaligida kechki navlar ekilib, gektaridan 250 sentnergacha hosil olinayotgan bo‘lsa, Chortoq tumanidagi kartoshkachilik xo‘jaliklari 270 sentnergacha hosildorlikka erishmoqda.
2013-yilda Janubiy Koreyaning xalqaro hamkorlik agentligi bilan birgalikda bir yo‘la 260 ming dona ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashgan komputerlashtirilgan issiqxona tashkil etildi. Maydondagi issiqlik, namlik va suvga bo‘lgan talab avtomatik boshqariladi. Issiqxonada ekilgan urug‘lar to‘liq o‘sib chiqishi va kasalliklardan xoli bo‘lishi kafolatlangan. Pomidor ko‘chatlari 60 kunda tayyor bo‘ladi. Talab asosida bu yerda turli urug‘lardan yil davomida ko‘chat yetishtirilmoqda.
Anjumanda serhosil yangi navlar samarasi va berilayotgan imkoniyatlar tufayli mamlakatimizda yil davomida kartoshka va boshqa sabzavot ekinlari mo‘l-ko‘lligi ta’minlanayotgani, kartoshkachilikni yanada rivojlantirish, yangi hosildor navlarni yaratish, dehqonlarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlash va eksport imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi.