Hokim yordamchisidan bir savol...
Ozoda Otajonova, Jizzax viloyati Paxtakor tumani "Do‘stlik" MFY hokim yordamchisi:
– Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida hokim yordamchisi tomonidan kredit olish uchun tavsiyalar berilmoqda. Ushbu tavsiyalarga ko‘ra berilayotgan kreditlar uchun mahallalarga o‘rnatilgan resurslar (limitlar) qanday shakllantiriladi?
Mazkur savolga Markaziy bankning Tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish departamenti boshqarma boshlig‘i Turg‘un Hakimov javob beradi.
– Davlatimiz rahbarining o‘tgan 2021 yil 20 dekabrdagi «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2022 yilda yo‘naltiriladigan 10 trillion so‘m mablag‘larning 7 trillion 620 milliard so‘mi avval berilgan kreditlarning qaytarilishi hisobidan ajratiladi.
Shu sababli qarorning 11-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari hamda sektor rahbarlariga tijorat banklari bilan birgalikda dasturlar bo‘yicha ajratilgan kreditlarning ularni so‘ndirish grafigiga muvofiq belgilangan muddatlarda qaytarilishi vazifasi yuklatilgan.
Agar hududlarda ushbu kreditlarni so‘ndirish grafigi ijrosi ta’minlanmasa, aynan o‘sha hududlarda har oylik kreditlash hajmlari kreditlarni so‘ndirish grafigi ijrosining bajarilmagan miqdoriga mos ravishda kamaytirilishi belgilangan.
Qarordan kelib chiqib, joriy yilda beriladigan kreditlarning asosiy qismi avval berilgan kreditlarning qaytarilishi hisobiga beriladi, agar kreditlar o‘z vaqtida so‘ndirilmasa, qaytmagan qismiga mos ravishda kredit ajratish imkoniyati cheklanadi.
Shunga ko‘ra, har bir MFY bo‘yicha avval berilgan kreditlarning so‘ndirilgan qismi hokim yordamchisi tavsiyasiga ko‘ra dasturlar doirasida yangi qarz oluvchiga ajratiladigan kreditlar bo‘yicha resurslar (limitlar)ning asosiy manbasi hisoblanadi.
Dasturlar doirasida resurs (limit) mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda platforma orqali bu haqda mas’ul hokim o‘rinbosari rahbarligidagi tuman (shahar) hamda hududiy Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markaziga ma’lumot beriladi. Bu MFY joylashgan tuman yoki shaharda oldingi imtiyozli kreditlardan qaytarilgan mablag‘ hajmi mavjud tavsiyanomalar bo‘yicha yangi imtiyozli kreditlarni ajratish uchun yetarli emasligini bildiradi.
O‘z navbatida ilgari ajratilgan kreditlar so‘ndirilishi hisobiga resurslar shakllanishi bilan hokim yordamchisining tavsiyasiga asosan platformada dastlab avtomatik tarzda qayd etilgan navbat asosida kredit ajratib beriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,O‘zA