Hokim yordamchisi – aholi ko‘makchisi
Bugun barcha mahallalarda hokim yordamchilari faoliyat boshladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu lavozim haqiqiy ma’noda odamlarning yechilmay qolgan muammolariga yechim topilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bir so‘z bilan aytganda mahallalardagi hokim yordamchilari aholining ko‘makchisiga aylanmoqda.
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi Xo‘jaxuroson mahallasida bugungi kunda 5 ming nafardan ziyod aholi istiqomad qiladi. Oilalar soni 1 ming 495 ta, xonadonlar esa 1012 tani tashkil etadi.
Ushbu mahallada hokim yordamchisi lavozimida faoliyat boshlagan Akmal Salimov qisqa fursatda mahalla fuqarolarining ishonchini qozondi.
Shu mahallada yashovchi hunarmand Mohira Eshmatova bir necha yillardan buyon uyida tikuvchilik bilan shug‘ullanadi. Faoliyatini mato qiyqimlaridan salfetka tayyorlashdan boshlagan.
– Faoliyatimizni yangi boshlagan paytlarda hali farzandlarimiz yosh edi, – deydi M.Eshmatova. – Mato qiyqimlaridan salfetka tikib hududimizdagi choyxonalarga sotardik. O‘z-o‘zidan buyurtmalar oshib, ishlarimiz yurishib ketdi. Pandemiya boshlanib, choyxonalar birin-ketin yopilgach, mahsulotimizni sota olmay qoldik. Bir muddat biznesimiz kasodga uchragandek tuyuldi. Lekin keyin faoliyatimizni o‘zgartirdik. Himoya kiyimlari va niqoblar tika boshladik. Shu yo‘l bilan bankrotlikdan chiqib ketdik. O‘tgan yili kelin oldik. Endi oila a’zolarimiz ko‘paydi. So‘ng oilaviy korxonamiz faoliyatini ham kengaytirdik. O‘g‘il bolalar futbolkalarini ham tikishni yo‘lga qo‘ydik. Ammo bugun mijozlarning didi baland. Shu bois tikayotgan kiyimlarga tasvir bosish ehtiyoji tug‘ildi. Bunaqa uskuna anchagina qimmat turgani bois kredit olmoqchi bo‘ldik. Lekin hech ishimiz yurishmadi. Joriy yil boshida mahallamizga hokim yordamchisi tayinlandi. Yordamchining o‘zi ham tadbirkor bo‘lgani bois dardimizni tushundi va bizga amaliy yordam qildi. Uskunalar kelgach mahsulotlarimiz sifati yanada oshadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mahallada “Temir daftar”ga 21 nafar, “Ayollar daftari”ga 1-etapga 36 nafar, 2-etapga 48 nafar, 3-etapga 74 nafar xotin-kiz, “Yoshlar daftari”ga 6 nafar yosh kiritilgan. 1 ta maktab, 5 ta bolalar bog‘chasi, 1 ta nonvoyxona mavjud.
Mahallada faoliyat yuritayotgan 28 nafar tadbirkor uchun hokim yordamchisining tayinlangani ayni muddao bo‘ldi. Endilikda ularning faoliyati yuzasidan duch kelayotgan muammolari mahallaning o‘zidayoq hokim yordamchisi tomonidan tinglanib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Masalan, ularning ko‘pchiligi bugungi kunga qadar bank krideti olishda bankma-bank yugurishdan charchayotgan edi.
[gallery-6024]
Jumladan, shu mahallada istiqomad qilayotgan Mahliyo Xolyorova oilaviy korxonasini kengaytirish maqsadida tikuv mashinkasi olish uchun bank krideti ololmasdan anchadan buyon ovora edi. Hokim yordamchisining aralashuvi bilan ushbu muammo yechildi. Bankdan kridet ajratildi va tikuv dastgohlari keltirildi.
Ilhom Rasulov esa uzoq yillardan buyon issiqxonada pomidor, bulg‘ar qalampiri va bodring ko‘chatlarini yetishtirib keladi. bugungi kunda faoliyatini kengaytirib, “Bir mahalla bir xil mahsulot” tamoyili asosida ko‘chatchilik bo‘yicha kooperatsiya usulida ishni tashkil qilishni maqsad qildi. Buning uchun ham bank kridetiga ehtiyoj tug‘ildi. Unga ham bank krediti ajratish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi. Mazkur mablag‘ evaziga issiqxona kengaytirilib, bulg‘ar qalampiri ko‘chatlari yetishtirilmoqda. Mahallada bulg‘ar qalampiri ekish istagini bildirgan xonadonlar talaygina. Eng muhimi hokim yordamchisi Akmal Salimovning ta’kidlashicha, yetishtirilgan bulg‘ar qalampirlarini ulgurji sotish bo‘yicha, tumandagi meva-sabzavotni qayta ishlovchi korxona bilan kelishuvga ham erishilgan.
Otabek Bobomurodov ham mahalladagi tajribali tadbirkorlardan. U yetti yildan buyon asalarichilik bilan shug‘ullanadi. Ayni paytda 65 oila asalarisi bor.
– Sohada izlanishdan to‘xtamaymiz, – deydi O.Bobomurodov. – Masalan o‘tgan yili innovatsion usulda zamonaviy va ixcham asalari uyalarini tashiydigan arava yasadik. Kichik pritsepga 66 ta asalari oilasini joylashtirdik. Bu qurilmaning qulayligi u birinchidan ixcham bo‘lgani bois tashib yurishga qulay. Har qanday ko‘chalardan tortib o‘tsa bo‘ladi. Asalarichi qancha ko‘p yursa, shuncha hosil yig‘adi-da. Shukrki, ishlarimiz ancha yaxshi. O‘tgan yili ham ikki tonnaga yaqin mahsulot oldik. Hozirda asalni qadoqlash uskunasini olib kelishni mo‘ljallayapmiz. Shuning uchun bank krideti olmoqchi bo‘ldik. Hokim yordamchisining ko‘magi bilan ishlarimiz tez fursatda bitdi.
Akmal Salimov bilan mahallani aylanar ekanmiz, yo‘lda uchragan fuqarolar ba’zilari qaysidir bitgan ishi uchun hokim yordamchisiga tashakkur aytsa, boshqa birovi o‘zining rejalarini, muammolarini aytadi. Hokim yordamchisi ba’zan bizni ham unutib qo‘yib, muammo yechimi bilan shug‘ullanib qoladi.
– Ishni mahallamizdagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni tadbirkorlikka jalb qilishdan boshladim, – deydi A.Salimov. – Xususan, parrandachilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘zimga tegishli bo‘lgan “Kesh Salomov” XKga 20 nafar oilani kooperatsiya asosida biriktirdim va ularga 1000 dona go‘sht yo‘nalishidagi jo‘jalar sinov tariqasida tarqatildi. Umumiy qilib aytganda parrandachilik, ko‘chatchilik, chorvachilik kabi yo‘nalishlarda jami 40 nafar aholining o‘z uyida tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish orqali bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari mahallani obodonlashtirish, ko‘chalarini ta’mirlash, elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham muayyan ishlarni boshlab yubordik. Jumladan, Xo‘jaxuroson MFYga qarashli Qapqon qishlog‘ining 3 ta ko‘chasiga 2,5 kilometr shag‘al to‘kib yotqizildi. Mahalla tomonidan 30 dona beton ustun keltirilib, 3 ta ko‘chaga o‘rnatildi. Umumxalq hashari uyushtirilib, uy-joylar fasadlari va daraxtlar oqlandi, ariqlar tozalandi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugun mahallalarda ishsizlikni kamaytirish, turmush farovonligiga erishish, turli ijtimoiy muammolarga yechim topish borasida hokim yordamchilari lavozimining tashkil etilishi daslabki muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin. Kelgusida mamlakat taraqqiyoti ushbu tashabbus o‘z natijasini ko‘rsatadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA