Hokim tadbirkorlar bilan uchrashdi
Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi majlislar zalida hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning 180 nafar vakili bilan uchrashdi.
Unda asosiy e’tibor mamlakatimizda ob-havoning keskin sovib ketishi oqibatida energiya resurslaridagi yuzaga kelayotgan uzilishlar, tadbirkorlarning ishlab chiqarish faoliyatidagi muammolarga qaratildi.

Viloyat, shahar va tumanlardagi 4 ta sektor va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida bevosita tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, energiya resurslari uzilishi oqibatlari o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar davomida yillik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish quvvati 5 trillion 644 milliard so‘m bo‘lgan 160 ta sub’ektda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmi 289 milliard so‘mga pasayganligi va 5 milliard 400 million so‘mlik nuqsonli mahsulotlar ishlab chiqilganligi aniqlandi.

O‘rganib chiqilgan korxonalar faoliyatini tiklash va ko‘rilgan zarar miqdorini qoplab berish maqsadida ularning tijorat banklari oldidagi 117 milliard so‘mlik kredit to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lab berish, soliq to‘lovlaridan bo‘lgan 15 milliard so‘mlik qarzdorliklar to‘lov muddatlarini uzaytirish choralari belgilanganligi, resurslar yetishmasligi oqibatida ishlab chiqarilgan nuqsonli mahsulotlardan ko‘rilgan zararni qoplab berish aytildi.

Shuningdek, korxonalarning energiya resurslari ta’minotida uzilishlarni to‘liq bartaraf etib, ta’minotni yaxshilash choralari ko‘rilayotganligi ta’kidlandi.
Tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan muammo va faoliyatidagi turli to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA