Hokim qabulida murojaatlarning 75 foizi amaliy yechim topdi
Toshkent shahrida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan shaxsiy qabulning ikkinchi kuni bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Prezident Administratsiyasi rahbari qabuliga kirishni so‘ragan fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot qildi.
Qabul davomida 100 nafarga yaqin fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi. Ular fuqarolar va ularning farzandlarini davolash, uy-joy bilan ta’minlash, subsidiya ajratish hamda ijtimoiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalarni qamrab oldi.

Qayd etilganidek, har bir murojaat ortida inson salomatligi, oila farovonligi va yaqinlarining kelajagi bilan bog‘liq muayyan hayotiy vaziyat turibdi. Shu sababli har bir masala fuqaroning holati, ehtiyoji va mavjud imkoniyatlar hisobga olingan holda individual tartibda ko‘rib chiqildi.

Ikkinchi kunda ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 75 foizi qabul davomidayoq amaliy yechim topdi. Shu bilan birga, birinchi kun yakunlari bo‘yicha ishlar ham davom ettirildi. Jumladan, kecha hal etilgan masalalarga qo‘shimcha ravishda, batafsil o‘rganishni talab qilgan yana 10 ta murojaat ijobiy hal qilindi.

Qo‘shimcha o‘rganish va idoralararo hamkorlikni talab qiladigan masalalar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar berilib, ijro muddatlari belgilandi. Barcha murojaatlarning ko‘rib chiqilishi va yakuniy yechimga yetkazilishi nazoratga olindi.

Ta’kidlanganidek, fuqarolarni bevosita tinglash, ularning muammolariga amaliy yechim topish va zarur ko‘makni o‘z vaqtida ko‘rsatish davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan inson manfaatlarini ta’minlash siyosatining muhim tamoyilidir.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA