Hokim kubogida nurchilar g‘olib chiqdi
Namanganda korxona, tashkilot va muassasalarning ishchi-xodimlari o‘rtasida mini futbol bo‘yicha viloyat hokimi kubogi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida o‘tkazilgan mazkur musobaqada 26 jamoa sakkizta guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun maydonga tushdi.
Qizg‘in va murosasiz tarzda kechgan bahslarning hal qiluvchi final uchrashuviga “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyati va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi jamoalari yetib keldi. Ushbu o‘yinda raqiblari darvozasiga javobsiz oltita gol yo‘llagan nurchilar birinchi o‘rinni egallab, hokim kubogini qo‘lga kiritdi.
Elektr ta’minoti korxonasining havaskor futbolchilari musobaqa davomida viloyat bandlik bosh boshqarmasini 5:3, viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi 5:1, viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi jamoasini 6:2 hisobida taslim etishga muvaffaq bo‘ldi.
Moliya vazirligi huzuridagi pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi jamoasini 8:7 (asosiy va qo‘shimcha vaqtda 3:3, penaltilar bo‘yicha 5:4) hisobida mag‘lubiyatga uchratgan viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi vakillari faxrli uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi Shavkat Abdurazzoqov bunday musobaqalar jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, korxona, tashkilot, muassasalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etishi, kelgusida ham an’anaviy tarzda davom ettirilishini ta’kidladi.
[gallery-2332]
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA