Hojilar kutib olindi
Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, keksalarni e’zozlash va ularning hayotiy tajribasini jamiyat taraqqiyotiga xizmat qildirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatda nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Ana shu ezgu g‘oyalarning amaliy ifodasi sifatida so‘nggi yillarda yurtimizda “Prezident hojisi” maqomi yuksak e’tirof va ehtirom ramziga aylandi. Jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shgan, el-yurt xizmatida fidoyilik ko‘rsatgan, hayot maktabidan o‘tgan nuroniylarga muqaddas Haj safarini bepul amalga oshirish imkoniyati yaratilayotgani davlatimizning insonparvar siyosati samarasidir.
Joriy yilda ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 100 nafar yurtdoshimiz “Prezident hojisi” dasturi asosida Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi. Ular qatorida Jizzax viloyatidan olti nafar faxriy ham bor edi.
Kuni kecha Jizzax shahri temiryo‘l vokzalida ana shu muborak safardan qaytgan nuroniylarni kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat va shahar hokimliklari mutasaddilari, “Nuroniylar” jamg‘armasi vakillari, O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, hojilarning yaqinlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda keng jamoatchilik qatnashdi.
Temiryo‘l vokzalida hayajonli lahzalar hukm surdi. Kimdir otasini, kimdir ustozini, yana kimdir mahallaning fidoyi nuroniysini intizorlik bilan kutayotgan edi.
— Hajdan qaytayotgan dadajonimni qarshi olish uchun butun oilamiz bilan keldik, — deydi zominlik Latofat Hasanova. — Otamning mehnati va fidoyiligi yuksak qadrlanganidan behad xursandmiz. U kishi uzoq yillar maktabda yoshlarga ta’lim berdi. Bugun ham G‘ofur G‘ulom mahallasida o‘tkaziladigan tadbirlarning faol ishtirokchisi. Nafaqasidan har chorakda o‘n nafar a’lochi o‘quvchiga 2 million so‘mdan rag‘bat puli ajratadi. Shuningdek, “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tanlovining respublika bosqichida faxrli ikkinchi o‘rinni egallagan.
Nihoyat, Toshkent — Buxoro yo‘nalishidagi poyezd Jizzax vokzaliga kirib keldi. Muqaddas zamindan qaytgan olti nafar jizzaxlik “Prezident hojisi” gullar va samimiy olqishlar bilan qarshi olindi.
[gallery-29775]
— Mehnat va sadoqat qadr topayotgan Yangi O‘zbekistonda inson sha’ni va qadri oliy mezonga aylandi, — deydi mehnat faxriysi Ismatilla Raimov. — Prezidentimiz tashabbusi bilan bepul haj amallarini ado etish nasib etdi. Ka’bada, Arofotda, Madinai Munavvarada Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va Yurtboshimiz sihat-salomatligi uchun duolar qildik. Bu yuksak ehtirom uchun barcha hojilar nomidan cheksiz minnatdorchilik bildiraman.
Jizzax shahridagi “Usmon hoji” jome masjidi imom-xatibi Anvar G‘aipovning ta’kidlashicha, “Prezident hojisi” maqomi har kimga ham nasib etavermaydi.
— Bu, avvalo, insonning el-yurt oldidagi xizmatlari va obro‘-e’tiboriga berilgan yuksak bahodir, — deydi u. — Bugun nuroniylarga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik ularning qalbida Vatanga muhabbat, davlatga ishonch va kelajakka umid tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Sahobiddin Boliyev ham ishtirok etdi.
Darhaqiqat, muqaddas Haj safariga yo‘llanma — oddiy imtiyoz emas, balki xalq manfaati yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan insonlarga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom namunasidir. Ka’badan qaytgan ana shu nuroniylar duosi, hayot tajribasi va ibratli faoliyati esa jamiyatimiz ma’naviy tayanchlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari