Hojiakbar Shayxov: “Tanlangan asarlar”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Atoqli adib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, o‘zbek ilmiy-badiiy fantastikasi asoschilaridan biri Hojiakbar Shayxovning “Tanlangan asarlar” kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitobdan adibning “Tutash olamlar” va “Ikki jahon ovorasi” romanlari, “G‘aroyib ko‘lanka” qissasi, shuningdek, bir qator sara hikoyalari joy olgan.
Hojiakbar Shayxov o‘zbek ilmiy-fantastik adabiyotining ilk qaldirg‘ochlaridan edi. Albatta, bu yo‘nalish milliy adabiyotimiz uchun yangilik emas, atoqli adabiyotshunos Ozod Sharofuddinov ta’biri bilan aytganda: “Hojiakbar Shayxov hali dunyoga kelmasidan oldin ham o‘zbek adabiyotida fantastika bor edi”.
Hazrat Alisher Navoiy dostonlarining o‘zi bunga yorqin dalildir.
Avvallari fantastik ruh shoirlar asarlarida ijodning bir unsuri sifatida ko‘rinib kelgan bo‘lsa, bu jarayon XX asrga kelib yangi bosqichga chiqdi.
O‘tgan asrning 60 - yillarining oxiri va 70 - yillarning ibtidosidan boshlab ilmiy-fantatika janri o‘zbek adabiyotida o‘z qonuniyatlariga, o‘z xususiyatlariga ega bo‘lgan mutlaqo mustaqil janr sifatida shakllana boshladi. Xuddi shu kezlarda o‘zbek adabiyotida ilmiy-fantastika janrining bahori boshlangan edi. Shu bahorni boshlab kelgan qaldirg‘ochlardan biri Hojiakbar Shayxov edi, deb yozadi ustoz Ozod Sharofiddinov.
Adabiyot – aql va xayolot mahsuli. Fantastik asarning biz o‘rgangan, ko‘nikkan badiiy asarlardan farqi nimada?
Hojiakbar Shayxov asarlarining o‘zga xosligi-chi, u nimada?
Xayolot mahsuli bo‘lgan fantastik asarning inson aqli qabul qiladigan chek-chegarasi bormi?
Hojiakbar Shayxov ilmiy-fantastik asarlari tagzaminida milliy qadriyatlar yotadimi, yo?..
Bu savollarga javob topish uchun zahmatkash adibning “Tanlangan asarlar”ini o‘qish kerak bo‘ladi.
Asarning tili ravon. Ruhida begonalik yo‘q. Mana, bunga bir misol: “Rutubatli qish muzlarini eritib, ko‘hna Toshkentning Hazrati Imom dahasiga ham butun yurt hududlari qatori yashash, yasharish, yangilanishni yetaklab Navro‘zi olam kirib keldi. Lekin necha ming yillar muqaddam tuprog‘imizga ildiz qo‘ygan qadimiy urf ko‘pdan ta’qib qilinayotganini singdira olmaganday, kechalari hamon sovuq, etni junjiktiruvchi shamollar tinmaydi. Kunduzlari shaharni oppoq va quyuq tuman chulg‘ab oladi-da, tushga yaqin go‘shangadan endi chiqib kelgan sohibjamol kelinchakday dillarni yayratib, quyosh yuz ochadi. Ammo bu quvonch uzoqqa cho‘zilmaydi, sal o‘tmay, uning haroratsiz chehrasiga yana qoramtir bulutlar parda tortib, qor aralash yomg‘ir savalay boshlaydi. Keyin tezda oqshom cho‘kib, shaharning eski ko‘chalari va sinch uylarida birin-ketin chiroqlar miltillaydi”.
Ko‘rdingizmi, tasvirlar, undagi ruh, o‘ziga xos joziba qanchalar yurakka yaqin, samimiy, o‘zbekona...
Hojiakbar Shayxovning “Tanlangan asarlar”ini o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA