Hisobot-saylov yig‘ilishlari o‘tkazilmoqda
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Buxoro shahar kengashi tarkibida o‘z atrofiga 14 ming 856 nafar partiya a’zosini birlashtirgan 98 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti bo‘lib, ayni kunlarda puxta tayyorgarlik ko‘rilgan holda muhim siyosiy jarayon – hisobot-saylov yig‘ilishlari bo‘lib o‘tmoqda.
Aksariyat yig‘ilishlar tanqidiy ruhda o‘tkazilib, o‘tgan davr mobaynida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilinmoqda. Yig‘ilishlarda quyi bo‘g‘in faollari nafaqat yetakchilar hisobotiga, balki 2024-yil ish rejasiga ham jiddiy yondashib, o‘zlarining o‘rinli taklif va tavsiyalarni bildirmoqda.

Ana shunday yig‘ilishlardan biri viloyat markazidagi “Sovg‘a ustozodai zardo‘zon” oilaviy korxonasi huzuridagi boshlang‘ich partiya tashkilotida bo‘lib o‘tdi.
Mohir hunarmand, O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi faxriy unvoni sohibi Baxshullo Jumayev rahbarligidagi mazkur boshlang‘ich partiya tashkiloti o‘z atrofiga 10 ga yaqin O‘zLiDeP a’zosini birlashtirgan bo‘lib, hisobot davrida ular barcha ijtimoiy-siyosiy jarayonda faol ishtirok etdi. Buxoro hunarmandlarini qiynab kelayotgan bir qator muammolarga yechim topishda deputatlarga yaqin ko‘makchi bo‘ldi.

–-Korxonada keyingi paytda ustoz-shogird an’anasi asosida ish olib borilib, hududdagi ishsiz yoshlar hamda ayollarga zardo‘zlikning sir-asrorlari o‘rgatilmoqda, –deydi boshlang‘ich partiya tashkiloti rahbari Baxshullo Jumayev. –Bugungi kunda mohir zardo‘zlarning ko‘plab iqtidorli shogirdlari mustaqil ravishda faoliyat olib bormoqda. Boshlang‘ich partiya tashkiloti a’zolari tomonidan tayyorlangan turli xil zardo‘zlik buyumlari qator xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda yuqori baholanib, shu tariqa Buxoro zardo‘zlik maktabi dovrug‘i yanada oshmoqda.

Yig‘ilishda boshlang‘ich partiya tashkiloti raisining hisobot davridagi faoliyati bo‘yicha axboroti tinglanib, u ijobiy baholandi va quyi bo‘g‘in yetakchiligiga B.Jumayev qayta saylandi.
Viloyatning barcha shahar va tumanlarida partiyaning hisobot- saylov yig‘ilishlari davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri