Hisob palatasining 2020 yildagi faoliyati ko‘rib chiqildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining videokoferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar Hisob palatasining 2020 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqdi.
Majlisda Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari B.Turobov hisobot berdi.
Hisob palatasi faoliyatini Prezidentimizning farmon, qarorlari va topshiriqlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, amalga oshirgan. Davlat byudjeti parametrlarining shakllantirilishi va ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga muvofiqligini har tomonlama tahlil qilish, qabul qilinayotgan davlat va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlanganligining auditini ro‘yobga chiqarishga qaratgan.
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari hisobidan ajratilgan mablag‘lar sarflanishi yuzasidan 2020 yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 671,3 milliard so‘mlik noqonuniy xarajat, kamomad va o‘zlashtirishlar hamda samarasiz xarajatlar, 1 trillion so‘mdan ortiq xarajatlarni optimallashtirish imkoniyatlari aniqlangan.
Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘lar sarflanishi ustidan Moliya vazirligi bilan hamkorlikda doimiy nazorat o‘rnatilib, aniqlangan 23,8 milliard so‘mlik kamomad va noqonuniy xarajatlar hamda ortiqcha moliyalashtirilgan 8,4 milliard so‘m mablag‘lar jamg‘armaga qaytarilgan.
Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan hamkorlikda ustavida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarning 2019 yilda olingan foydasidan davlat byudjetiga 4,8 trillion so‘m dividendlarning o‘tkazilishi hisob-kitob qilinib, ularni tegishli byudjetlarga jalb qilinishi ta’minlangan.
Majlisda Hisob palatasining zamonaviy axborot-kommunikatsiya va raqamli texnologiyalarni hamda ilg‘or nazorat usullarini qo‘llagan holda byudjet daromadlari to‘liqligini ta’minlash, mavjud imkoniyat va zaxiralar evaziga byudjet daromadlarining qo‘shimcha manbalarini ishga solish, hududlarda mahalliy byudjet mablag‘larini to‘liq shakllantirish va samarali ishlatishga qo‘shayotgan salmoqli hissasi, shuningdek, aniqlanayotgan tizimli moliyaviy xato va kamchiliklarning oldini olish hamda ularni bartaraf qilish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqilib, tegishli organlarga o‘z vaqtida kiritilayotgani ijobiy baholandi.
Shu bilan birga, deputatlar hisobotda keltirilgan tizimli moliyaviy huquqbuzarliklar, xato va kamchiliklarga ham alohida e’tibor qaratdi. Xususan, byudjet daromadlarini ko‘paytirish imkoniyatlarini izlash, mavjud zaxiralarni ishga solish, yaratilgan sharoit va dastaklardan oqilona foydalanish o‘rniga davlat byudjetidan berilgan mablag‘larni maqsadsiz va samarasiz sarf qilinishi va byudjet mablag‘larining noqonuniy o‘zlashtirilishiga yo‘l qo‘yilayotgani, markaziy hamda mahalliy idoralar mutasaddilarining ushbu muhim masalaga e’tiborsizlik qilayotgani va boshqa kamchiliklar deputatlar tomonidan keskin tanqid qilindi.
Ayniqsa, Xalq ta’limi vazirligi muassasalarida 192,2 milliard so‘mlik moliyaviy xato, kamchilik va o‘zlashtirishlar aniqlangan.
Muhokamalarda deputatlar hisobotda keltirilgan xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarda muammolar mavjudligi hamda ularning kelib chiqish sabablariga ham e’tibor qaratdi. Jumladan, davlat tashqi qarz mablag‘larini jalb qilgan holda 2010-2019 yillarda yakunlangan umumiy qiymati 12,6 milliard AQSH dollarlik 81 ta loyihaning 24 tasida xato va kamchiliklar aniqlangan.
Ayrim loyihalar yillab kechiktirilgan, shuningdek, loyihada ko‘zda tutilgan maqsadlar doimiy o‘zgartirilgan yoki sifatsiz asbob-uskuna va jihozlar qimmat narxlarda sotib olinganligi, ba’zi loyihalarning samaradorlik ko‘rsatkichlari o‘ta past darajada hamda loyiha mablag‘lari talon-taroj qilinib, o‘zlashtirilganligi keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan Hisob palatasining 2020 yilgi hisoboti ma’qullandi. Bildirilgan takliflar va fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda quyi palata O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2020 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqladi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA