Hisob palatasi: 9 oyda 2 trillion so‘m xatolik, 4,2 trillion so‘m mablag‘ tejaldi
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2026-yil 9 oyidagi faoliyati yakunlari yuzasidan brifing o‘tkazildi. Unda Hisob palatasi matbuot kotibi Dildora Hoshimova hisobot davrida amalga oshirilgan asosiy ishlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Hisob palatasi tomonidan 2026-yil 9 oylik ish rejalari doirasida 84 ta audit tadbiri (shundan 46 tasi masofadan turib) o‘tkazilgan. Ushbu audit tadbirlari yuzasidan Prezident Administratsiyasi va Hisob palatasi tomonidan mutasaddi tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berilib, ularning ijrosi tizimli ravishda nazorat qilib borilmoqda.
Natijada xarajat yo‘nalishida 2 trillion so‘mlik moliyaviy xatoliklar aniqlanib, bartaraf etish choralari ko‘rildi, 4,2 trillion so‘m maqbullashtirildi, 23,6 milliard so‘mlik noqonuniy xarajatlarning oldi olindi hamda bugungi kunga qadar byudjetga 250,2 milliard so‘m mablag‘ undirildi. Undirilishi lozim bo‘lgan qolgan mablag‘lar bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Daromad yo‘nalishida 1,6 trillion so‘mlik qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lov manbalari mavjudligi aniqlanib, shundan 656,3 milliard so‘mi byudjetga undirilishi ta’minlandi. Qolgan mablag‘larning byudjetga tushishini jadallashtirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Davlat xaridlari sohasida esa 10,2 trillion so‘mlik qonunchilik talablarining buzilish holatlari aniqlandi.
Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun 4,8 trillion so‘mlik hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. 222,3 milliard so‘mlik hujjatlar bo‘yicha mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Barcha holatlarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish bo‘yicha vazirlik va idoralarga tegishli ko‘rsatmalar yuborildi.
Shuningdek, hisobot davrida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2026-yil birinchi yarim yillik ijrosi to‘g‘risidagi hisobot tashqi auditdan o‘tkazildi. Audit natijalariga ko‘ra, tizimli muammolarni bartaraf etish uchun 20 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar kiritildi. Ayni paytda ulardan 4 tasi qabul qilindi, qolgan loyihalar yuzasidan vazirlik va idoralar bilan kelishish hamda ko‘rib chiqish ishlari davom etmoqda.
Brifingda raqamlashtirish va masofaviy nazoratni kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Hisob palatasining Masofaviy nazorat markazi tomonidan o‘tgan 9 oy davomida aniqlangan risklardan 17,1 trillion so‘mi bartaraf etildi va 90 milliard so‘mlik kamchiliklarning barvaqt oldi olindi.
Bundan tashqari, Hisob palatasining «Masofaviy audit» informatsion tizimida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha sun’iy intellektdan foydalanish jarayonlari avtomatlashtirildi va ayni kunga qadar 115 milliard so‘mlik qonunbuzilish holatlari bartaraf etilishiga erishildi. Ushbu tizim inson omili ta’sirini keskin kamaytirish, tahlillarni tezlashtirish va risklarni avtomatik aniqlashga xizmat qilmoqda. E’tiborli jihati, «ICTWEEK Uzbekistan 2026» haftaligi doirasida Hisob palatasi «Raqamli davlat auditi bo‘yicha eng yaxshi tashkilot» nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA