Hisob-kitob fermerlikning asosi
Qishloq xo‘jaligi
Fermer xo‘jaliklarining mustaqil va erkin faoliyat yuritishi jamiyat taraqqiyotining muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. Ularning faoliyatida samaradorlikka erishish orqali xalq dasturxoniga yetkazilayotgan sarxil meva-sabzavotlarning sifatini yaxshilashni ta’minlash, o‘z navbatida, yurtimizda mulkdorlar sinfini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jizzax viloyatining Arnasoy va Do‘stlik tumanlarida fermerlar, tomorqa egalari va keng jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilgan seminar- uchrashuvlarda Prezidentimizning 2018 yil 2 iyuldagi “Fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi joylarda qanday bajarilayotganligi borasida atroflicha fikr yuritildi.
Unda qatnashgan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i G.Suvonov, Jizzax viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rais o‘rinbosari D.Noraliyev va bosh hisobchi B.Mamasoliyev, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzuridagi Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari rahbarlari va maslahatchilari, Davlat soliq inspeksiyalarining mas’ul xodimlari sohada mazkur qaror ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, keng ko‘lamli islohotlar borasida so‘z yuritdi.

Seminarda soha mutaxassislari o‘zaro tajriba almashish bilan birgalikda mazkur huquqiy hujjat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritishda aniq mexanizmlar asosida ishni samarali tashkil etishda qo‘l kelayotganligini qayt etishdi.

– Ilgari fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish masalalarida muammolar mavjud bo‘lib, hisobotlarni yuritishda mutaxasis kadrlar masalasi bilan bog‘liq o‘ziga xos qiyinchiliklarga duch kelinardi, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i Gavhar Suvonov. – Mazkur tarixiy hujjatning qabul qilinishi asosida joylarda Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tashkil etildi va hozirgi kunda bu tuzilma tizim faoliyatidagi samaradorlikni oshirmoqda.

Qizg‘in va munozaralarga boy tarzda o‘tgan muloqotlar davomida Jizzax viloyatida, jumladan, Do‘stlik, Arnasoy va Zarbdor tumanlarida fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobini yuritish, agrar tarmoqni yanada rivojlantirish borasidagi huquqiy-me’yoriy hujjatlarni sohaga tatbiq etish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tildi.
Har bir ishning rivoji ko‘p jihatdan hisob-kitobga bog‘liq. Xulosa o‘rinda aytish mumkinki, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini rivojlantirish va shu orqali xalqimiz turmush farovonligini oshirish, mahsulotlarga bo‘lgan talabni qondirish, eksport salohiyatini yaxshilash borasida olib borilayotgan amaliy sa’y-harakatlar, albatta, aniq buxgalteriya hisob-kitoblari yuritilishi orqali hayotga tatbiq etiladi.Bu esa ko‘p jihatdan uchrashuv-muloqotlar, seminarlar, o‘zaro hamfikrlilik orqali ta’minlanadi.
Jahongir Galayev,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari
va tomorqa yer egalari
kengashi yetakchi mutaxassisi.