Hindistonlik uchuvchilar O‘zbekistonda
Hindiston harbiy havo kuchlari harbiy delegatsiyasi O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga tashrif buyurdi.
Hindiston harbiy havo kuchlari harbiy delegatsiyasi O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga tashrif buyurdi.
Dastlab mehmonlar o‘quv binolari va namunadagi aviatsiya qurollari bilan tanishib, kursantlarga malakali o‘qituvchilar tomonidan parvoz dinamikasi, havoda harakatlarni boshqarish, taktika, radioelektron jihozlar, aviatsiya qurollari, uchish apparati va dvigatellarni ta’mirlash kabi harbiy fanlar o‘tilayotganining guvohi bo‘ldi.
Tashrif davomida delegatsiya azolari bilim yurti muzeyi, ma’naviyat va ma’rifat markazi, kutubxona, sport zali, yotoqxona va boshqa harbiy ob’ektlarda bo‘ldi. Shu bilan birga oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida xalqaro hamkorlik doirasidagi amaliy ishlar haqida ham ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Malumot o‘rnida aytishimiz joizki, oktabr-noyabr oyidan boshlab, ushbu dargohda qo‘shni davlatlarning harbiy bilim yurtlari kursantlari aviatsiya mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olishadi. Hozirda o‘zbekistonlik bo‘lajak 15 nafar harbiy uchuvchilar Rossiya Federatsiyasi va Hindistondagi oliy aviatsiya bilim yurtida tahsil olmoqda.

