Hindistonlik professor talabalarga ma’ruza o‘qidi
Andijon mashinasozlik instituti tomonidan nufuzli xalqaro ilmiy-tadqiqot institutlari hamda oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Jumladan, 2021 yildan Hindistonning Srinagar milliy texnologiyalar instituti bilan hamkorlik qilib kelinadi. Bugungi kunga kelib ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasida yuqori malakali ilmiy, muhandis kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalar, xalqaro ilmiy forumlar va ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda.
Srinagar milliy texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan, umumiy qiymati 1,5 milliard so‘mga teng “Nanotermoplats (polipropilen), termoreaktiv (epoksid smolasi asosida), nano o‘lchamdagi to‘ldiruvchilar bilan boyitilgan polimer kompozit materiallar va qoplamalarini mexanik hamda tribologik xossalarini takomillashtirish” deb nomlangan xalqaro loyiha amalga oshirildi. Loyiha doirasida Andijon mashinasozlik instituti laboratoriyalariga yangi texnologik jihozlar olib kelindi, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligi ortdi.
Loyihani yakunlash bo‘yicha Andijon mashinasozlik institutida o‘tkazilgan yig‘ilishda Srinagar milliy texnologiyalar instituti professori Mohd Faruk Vanii ishtirok etdi.
[gallery-15408]
Yig‘ilishda loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi. Umuman, loyiha muvaffaqiyatli yakunlangani alohida qayd etildi. Shuningdek, kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan rejalar tuzildi.
Professor Mohd Faruk Vanii institutning Transport vositalari muhandisligi yo‘nalishi talabalariga "Aqlli svetoforlarni Andijon viloyati sharoitida o‘rganish" mavzusida ma’ruza o‘qidi.
Ma’ruza davomida talabalar mavzuning ahamiyati, yangicha yondashuv va yuzaga keladigan muammolarga yechim topish yuzasidan keng ma’lumotlar oldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari