Hindiston universiteti bilan ilmiy hamkorlik
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida o‘zbekistonlik va hindistonlik olimlar hammuallifligida tayyorlangan “Urdu she’riyati” monografiyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida o‘zbekistonlik va hindistonlik olimlar hammuallifligida tayyorlangan “Urdu she’riyati” monografiyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida chop etilgan monografiya Toshkent davlat sharqshunoslik instituti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Muhayyo Abdurahmonova va Hindistonning Javoharlal Neru universiteti professori Xoja Ikromiddin o‘rtasidagi ilmiy-ijodiy hamkorlikning mahsulidir. Kitob urdu tilida yozilgan bo‘lib, Hindistondagi ilmiy adabiyotlarni tayyorlashga ixtisoslashgan “Brown book publications” nashriyotida bosmadan chiqdi. Kitobda XIII asrdan to hozirgacha bo‘lgan davr mobaynida urdu she’riyatining shakllanishi va tadrijiy rivojlanishi batafsil yoritilgan.
Taqdimotda Hindistonning O‘zbekistondagi La’l Bahodir Shastri nomidagi Madaniyat markazi direktori, professor Chandra Shekhar, Javoharlal Neru universitetining professorlari Xoja Ikromiddin va Axlaq Ahmad Ansoriy ham ishtirok etdi. Chandra Shekhar so‘zga chiqib, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Javoharlal Neru universiteti o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilganini, ikki mamlakatning ilm-fan va ta’lim sohasidagi aloqalari izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Hindistonlik professor Xoja Ikromiddin esa 2018/2019 o‘quv yilidan Toshkent davlat sharqshunoslik institutida faoliyat olib borayapti. U mazkur institut o‘qituvchilarining ilmiy salohiyati, hindiy va urdu tili bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar, magistrlarning bilim darajasi yuqori ekanini qayd etdi.