Hindiston hamyonbop global tibbiyot markaziga aylanmoqda
Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi yaqinda tibbiy turizm bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiya o‘tkazdi. Bu tadbir Hindistonning global sog‘liqni saqlash yo‘nalishi sifatida o‘sib borayotgan rolini va O‘zbekiston bilan ushbu sohadagi hamkorligi kengayayotganini yana bir bor tasdiqladi. Konferensiya ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlarini o‘rganish uchun diplomatlar, tibbiyot muassasalari vakillari, shifoxonalar rahbarlari va tibbiy turizm bo‘yicha mutaxassislarni birlashtirdi.
Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pant Hindiston sog‘liqni saqlash tizimining ko‘lami, imkoniyatlari va hamyonbopligiga to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, Hindistonning tibbiy turizmdagi yutuqlari mamlakat sog‘liqni saqlash tizimining qadriyatlarini va hind shifokorlarining hayotni saqlab qolish borasidagi yuksak mahoratini aks ettiradi. Elchining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Hindistonda 1,4 millionga yaqin shifokor faoliyat yuritmoqda va ular katta hajmdagi malakali hamshiralar hamda tibbiyot xodimlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Bu esa Hindistonni dunyodagi eng yirik tibbiy ishchi kuchiga ega davlatlardan biriga aylantiradi.
Elchi sifat nazorati Hindiston tibbiyoti kengayishining asosiy ustuni ekanini qayd etdi. Hozirda 1200 dan ortiq shifoxona JCI (Joint Commission International) hamda NABH kabi xalqaro va milliy tashkilotlar tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan. Ushbu muassasalar kardioxirurgiya, bo‘g‘imlarni almashtirish, a’zolarni ko‘chirib o‘tkazish, bepushtlikni davolash, onkologiya va integratsiyalashgan sog‘lomlashtirish terapiyasi kabi keng ko‘lamli xizmatlarni taklif etadi. Hindistonning yetakchi shifoxonalari mutaxassislari konferensiya davomida zamonaviy davolash protokollari, innovatsion texnologiyalar va bemorlarni parvarish qilishning eng yaxshi amaliyotlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Elchi Pantning alohida qayd etishicha, xizmatlarning hamyonbopligi Hindistonning tibbiy turizmdagi eng kuchli raqobatdosh ustunligi bo‘lib qolmoqda. U Hindistondagi murakkab jarrohlik amaliyotlarining narxi rivojlangan mamlakatlarga qaraganda ancha past ekanini, lekin davolash natijalari bo‘yicha ulardan qolishmasligini ta’kidladi. Sifat va arzon narx uyg‘unligi Hindistonni Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston bemorlari uchun eng maqbul yo‘nalishga aylantirmoqda.

Kelajakdagi rejalar haqida gapirar ekan, elchi Pant Hindiston O‘zbekiston bilan tibbiy hamkorlikni kengaytirishga sodiq ekanini tasdiqladi. Uning aytishicha, elchixona O‘zbekistonning ustuvor sog‘liqni saqlash ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, hindistonlik tor soha mutaxassislari ishtirokida tibbiy lagerlar tashkil etishda davom etadi.
Shuningdek, u Hindistonda davolanish istagida bo‘lgan bemorlar uchun viza olishda hech qanday muammo bo‘lmasligiga va elchixona tezkor hamda muammosiz sayohatni ta’minlashga tayyor ekaniga ishontirdi.
Konferensiya Hindiston shifoxonalari uchun o‘z imkoniyatlarini namoyish etish, O‘zbekiston tomoni uchun esa xizmat ko‘rsatuvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish maydoniga aylandi.
Muhokamalar asosan institutsional sheriklikni mustahkamlash, bemorlarni yo‘naltirish mexanizmlari va tibbiy ta’lim sohasidagi uzoq muddatli hamkorlikka qaratildi.
So‘nggi yillarda Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida tibbiy turizm barqaror o‘sib bormoqda. Ko‘plab O‘zbekiston fuqarolari zamonaviy infratuzilma, yuqori malakali mutaxassislar va tejamkor davolanish imkoniyatlari tufayli Hindistonni tanlamoqda. Hind shifokorlari murakkab operatsiyalardagi katta tajribasi bilan tanilgan, tibbiy xodimlarning ingliz tilini bilishi esa xalqaro bemorlar bilan muloqotni yanada osonlashtiradi.
Hindiston shifoxonalari kardioxirurgiya, onkologiya va a’zolar transplantatsiyasi kabi sohalarda yuqori muvaffaqiyat ko‘rsatkichlariga ega ekani xorijiy bemorlarning ishonchini yanada oshirmoqda.
Hindistonning tibbiy viza tizimi bu oqimni yengillashtirishda muhim rol o‘ynadi. Maxsus davolanish uchun sayohat qilayotgan bemorlar alohida tibbiy vizalardan foydalanishlari mumkin: vizalar ko‘pincha hamrohlik qiluvchi shaxslarga ham beriladi va tiklanish hamda keyingi kuzatuv jarayonlari uchun mamlakatda uzoq muddat qolishga imkon beradi.
Ko‘pgina shifoxonalarda xalqaro bemorlar bo‘limlari faoliyat yuritadi, ular sayohat logistikasi, turar joy, tarjimonlik xizmatlari va tibbiy yordamni muvofiqlashtirishda ko‘maklashadi. Bu esa xorijlik mehmonlar uchun davolanish jarayonini yanada osonlashtiradi. Allopatik (an’anaviy) tibbiyotdan tashqari, Hindistonning muqobil va yaxlit (xolistik) sog‘liqni saqlash borasidagi ko‘p yillik an’analari uning jozibadorligiga yana bir jihat qo‘shadi. Ayurveda, yoga va sog‘lomlashtirish terapiyalari an’anaviy davolanish bilan birga profilaktika, reabilitatsiya va stressni boshqarish xizmatlarini izlayotgan bemorlarni o‘ziga jalb qiladi. Hindiston bo‘ylab Ayurveda markazlari va sog‘lomlashtirish maskanlari tajribali mutaxassislar rahbarligida maxsus dasturlarni taklif etadi: ular terapiyani madaniy muhitdagi turmush tarzi va parhez bo‘yicha ko‘rsatmalar bilan birlashtiradi.
Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi sayohatlar nafaqat tibbiy maqsadlarda, balki turizm, ta’lim va biznes yo‘nalishida ham ortdi. Bunga aviaqatnovlarning yaxshilanishi va viza jarayonlarining soddalashtirilgani xizmat qilmoqda. Ikki tomonlama aloqalar chuqurlashgani sayin, tibbiy turizm ikki jamiyat o‘rtasidagi ishonch va amaliy hamkorlikni mustahkamlashda strategik rol o‘ynashi kutilmoqda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA