Himoya orderi jabrlanuvchini nimalardan himoya qiladi?
Huquqiy munosabat
Ma’lumki, himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini beruvchi hujjat hisoblanadi. Himoya orderi asosan oilada eridan jabrlangan yoki uchinchi shaxslarning zulmiga uchragan ayollarga, ota-onasi yoki boshqa shaxslarning zulmiga duch kelgan voyaga yetmagan qizlarga, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarda jabr ko‘rgan, ko‘chada, ishda, o‘qishda tazyiq yoki shilqimlikka uchragan, huquqbuzarlik yo jinoyat qurboni bo‘lgan xotin-qizlarga beriladi.
Xo‘sh, himoya orderi qancha muddatga beriladi va jabrlanuvchini nimalardan himoya qiladi?
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu bo‘yicha tushuntirish berdi:
–2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun hamda Hukumatning 2020 yil 4 yanvardagi «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan himoya orderini berish tartibi belgilangan.
Himoya orderini olgan fuqarolar 30 kun ichida quyidagi holatlarda himoya qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 3-sonli qaroriga ko‘ra, tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlaydi, taraflar o‘rtasida aloqani taqiqlaydi. Taraflarning bir xonada birga bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, zo‘ravon shaxs zimmasiga jabrlanuvchini davolash, moddiy va ma’naviy zararni qoplash kabi majburiyatlarni yuklaydi. Zo‘ravon shaxsning xizmat qurolidan tashqari qurol saqlash va olib yurish huquqi cheklanadi.
Himoya orderi mahalla raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, ya’ni profilaktika inspektori tomonidan beriladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA