Himoya orderi ayollarni himoya qiladi
Nilufarning onasi zo‘ravonlik qurboniga aylandi: turmush o‘rtog‘ining navbatdagi janjalidan so‘ng bosh miyasidan qattiq jarohat olib, bu dunyoni erta tark etdi.
Otasi uzoq yilga qamaldi. Yetim qolgan Nilufar bilan ikkita singlisini tog‘asi otaliqqa oldi. 18 yoshga to‘lar-to‘lmas tog‘asining qistovi bilan mahallasida avval bir necha bor sudlangan, oila qurish yoshida bo‘lsa ham biror tayinli ishning boshini tutmagan Salimga turmushga berishdi. Ikki farzandli bo‘lguniga qadar Nilufarning hayoti azob-uqubatda, kaltaklar ostida o‘tdi. Kunduzi dalada to‘g‘ri kelgan ishni qilar, tunda mahallasi xotin-qizlarining tikish-bichishini bajarardi. Salim Nilufarni kaltaklashdan tiyilmadi.Tog‘asining uyiga qaytay desa, ikkita singlisi ham shu yerda. Osmon uzoq, yer qattiq! Nilufar ba’zan qo‘shnisi Go‘zalnikiga chiqib jon saqlardi.
Umri haqoratu kaltak ostida o‘tayotgan Nilufarni ko‘rgan Go‘zal uning muammolariga yechim topishni, qiynalgan ayolga yordam berish yo‘llarini izlashga kirishdi. Va nihoyat topdi...
Ma’lumki, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar uchun ichki ishlar organlarida “102” ,“1102” Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizimida “1146” qisqa raqami, “Ne molchi”, “Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q” telegram kanallar va shu kabi bir qator zo‘ravonlik holatlari yuzasidan xabar berilishi mumkin bo‘lgan telefon raqamlar va ijtimoiy tarmoqlar mavjud.
Afsuski, jamiyatda Nilufar kabi o‘z haq-huquqini bilmaydigan, turli tazyiq va zo‘ravonlikdan o‘zini himoya eta olmaydigan xotin-qizlar oz emas.
Amaldagi qonunchiligimizda ayollarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonliklarga qanday jazolar nazarda tutilgan?
– “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini taqdim etuvchi hujjat sifatida himoya orderi beriladi, – deydi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva.– Himoya orderini rasmiylashtirish vakolati profilaktika inspektoriga berilgan.
Aniqlangan yoki kelib tushgan barcha zo‘ravonlik holati yuzasidan ma’lumotlar hududiy profilaktika inspektori tomonidan o‘rganib chiqilib, murojaatchiga 24 soat ichida himoya orderi berish chorasi ko‘riladi. Himoya orderi 30 kun muddatga beriladi. Agar shu muddat ichida xavf bartaraf etilmasa, uni uzaytirish bo‘yicha murojaatga asosan yana 30 kun qo‘shib beriladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilning 4 oyi davomida 14 ming 165 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan. 5 ming 431 ta nizo bartaraf etilgan.
“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasida himoya orderi paytida zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan cheklovlar ham belgilangan.
Himoya orderi amal qilgan muddatda ushbu cheklovlar zo‘ravon tomonidan buzilsa, MJtKning 206-1-moddasiga asosan javobgarlik nazarda tutilgan. Joriy yilning 4 oyi davomida 383 nafar fuqaroga nisbatan ushbu modda asosida jazo choralari belgilangan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA