Hilpirayver aziz va muqaddas bayrog‘im
Andijon shahri markazidagi balandligi 64 metr bo‘lgan Davlat bayrog‘i hilpirayotgan maydonda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar ishtirok etdi.
Davlat madhiyasi bilan boshlangan tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov so‘z olib, ozod va obod yurtimiz, shu aziz Vatanning har bir fuqarosi uchun mustaqillikning muqaddas ramzlaridan biri – Davlat bayrog‘i nechog‘li qadrli ekanligini ta’kidladi.
– Musaffo osmonimiz uzra hilpirab turgan aziz bayrog‘imiz har bir yurtdoshimiz uchun qadrlidir, – dedi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. – Ayniqsa, bayrog‘imiz xalqaro anjumanlarda, sport musobaqalarida bo‘y ko‘rsatsa, qalblarimizda cheksiz faxr-iftixor tuyg‘usi jo‘sh uradi.
Shuningdek, tadbirda davlatimiz bayrog‘i yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning azmu shijoatini, g‘ururini, yurtga bo‘lgan muhabbat va sadoqatini mustahkamlashga xizmat qilishi aytildi. Davlat bayrog‘i qabul qilingan sana munosabati bilan viloyatdagi barcha mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida ham tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar ishtirokida “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i!” shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbirida davlatimiz bayrog‘i madh etildi. San’atkorlar tomonidan ijro etilgan Vatan, uning porloq kelajagi, yurtimiz bayrog‘ini madh etuvchi kuy va qo‘shiqlar barchaga g‘urur va iftixor baxsh etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda "Mahalla" xayriya jamoat fondi Andijon viloyati bo‘limi boshqaruvi xodimlari ham faol ishtirok etdi.
Fondi viloyat bo‘limi xodimlari Andijon shahridagi 30- umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, maktab o‘quvchilarini davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan sana bilan muborakbod etdi, bayrog‘imizning yurtimiz hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati xususida suhbat o‘tkazildi. O‘quvchilar tomonidan davlat bayrog‘iga atalgan she’rlar o‘qildi, bayrog‘imizni qadrlashga oid sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA