Hech qanday “trevoga” muvozanatimni buza olmagan
Zamonamiz qahramonlari
Keksalar duosida, avvalo, yurtga tinchlik, insonlarga mehr-oqibat, farzandlar kelajagiga komillik tilanadi. Asrlar osha tildan-tilga o‘tib kelayotgan bunday hikmatli duolar zamirida urush va ocharchilik ko‘rgan bobo-yu buvilarimiz nidosi mujassamdek, go‘yo. Shukrki, tinch zamonda yashayapmiz. Bu tinchlik ortida qanchadan-qancha insonlarning sa’y-harakatlari, harbiy xizmatchilarning bedor o‘tkazgan tunlari, keksalarimizning duolari yotibdi.
Podpolkovnik Farhod Egamyorov ham yurt posboni bo‘lishdek sharafli kasbga ota-onasining qiziqishi va duolari sabab kirib kelgan. Salkam 20 yillik faoliyati mobaynida xalqaro armiya o‘yinlarida yuqori natijalarni zabt etgan Farhodjon yaqinda Prezidentimiz farmoniga muvofiq, “Mardlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Andijon viloyatining Marhamat tumanida tug‘ilib voyaga yetgan qahramonimizning hayoti va faoliyatiga to‘xtalmoqni joiz bildik.
Sharafli kasbga ilk qadam
Maktabda o‘qib yurgan kezlarim harbiy libosda yurgan akalarimizga havas qilganman. Ammo ulardek bo‘lishni tasavvur qila olmasdim. Harbiylik kasbi o‘ta sharafli bo‘lib, hamma ham bunday sharafga loyiq emasdek tuyulaverardi, – deydi Farhod Egamyorov. – Vaqt o‘tib borar ekan, ikkilanishlar otamning qat’iyati sabab yo‘qqa chiqdi. O‘zimga bo‘lgan ishonch ortgandi. Va, “Men, albatta, harbiy bo‘laman!” degan maqsadni o‘z oldimga qo‘ydim. 2006 yili Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantiga aylanganimda mendan ko‘ra, ko‘proq ota-onam xursand bo‘lgan edi. 2010 yili bilim yurtining havo-desant qo‘shinlarining taktik qo‘mondonligi fakultetini a’lo baholarga tugatib, Jizzax viloyatidagi harbiy qismlardan birida guruh komandiri o‘rinbosari vazifasida xizmatni boshladim.
Armiya – bir jamoa
Kichik ofitserlik davrimda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari hamda Mudofaa vazirligi miqyosida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda ishtirok etdim. Bu ishtiroklar faoliyatim davomida katta tajriba to‘plashimga asos bo‘lib xizmat qildi. Ayniqsa, jamoa bo‘lib qatnashadigan musobaqalar birdamlikda harakat qilishimiz uchun katta turtki bo‘ldi. Aslida armiya bir jamoa bo‘lishga o‘rgatadi. Erishilgan yutuqlar ham, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham jamoaniki.
Xalqaro musobaqadagi e’tirof
Yurtimiz harbiylari 2019 yildan buyon Xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etib kelmoqda. Natijalar esa barchaga ayon. Erishilgan natijalardan ko‘ra, ishtirokimiz mobaynida boshqa davlatlarning bizga nisbatan munosabati o‘zgarganiga urg‘u bermoqchiman. Ilk ishtirokimiz 2019 yili Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida Rossiya Federatsiyasida bo‘lgan edi. Ushbu nufuzli musobaqada “taktik o‘qchi” yo‘nalishida ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritdik. O‘shanda Rossiyaning “Zvezda” telekanali muxbirlari barcha musobaqa ishtirokchilaridan intervyu olishgan va bizga kelganda “Sizlarning kiyim rusumlaring va ekiprovkalaring xalqaro maydondagi musobaqalarda ishtirok etadigan darajada emas ekan”, degan sabab bilan intervyu olishmagan. Bu holat jamoamizning ruhiyatiga salbiy ta’sir etgan.
Shundan so‘ng 2020 yili Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tgan Xalqaro armiya o‘yinlarida boshqacha fondagi kiyimda qatnashdik. Unda ham “taktik o‘qchi” yo‘nalishida ishtirok etib, kumush medalni qo‘lga kiritdik. Shunda hatto raqib jamoalar ham bir yil ichida yurtimiz armiyasida shuncha o‘zgarishlar bo‘lganidan hayratda ekanini yashirishmagan. “Zvezda” telekanali muxbirlari birinchilardan bo‘lib bizning jamoamiz vakillaridan intervyu olgan edi...

Janubiy Koreyadagi e’tirof
Koreya Respublikasining Kongvando provinsiyasi Inje shahrida Xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik musobaqasi tashkil qilindi. Unda jami 13 ta jamoa, jumladan, AQSH, Avstraliya, O‘zbekiston va Kambodja davlatlaridan 500 dan ortiq harbiy xizmatchi ishtirok etdi. Musobaqa shartlari juda murakkab bo‘lib, biz uchun joy ham, shartlar ham begona edi. Musobaqada har bir jamoa tasodifiy qur’a tashlash orqali bellashuvga kirishardi. Baholash jarayoni ishtirokchi guruhlar shartlar to‘liq bajargani, «omon qolish» darajasi, jangovar harakatlar qoidalariga rioya qilingani, jangovar harakatlar taktik vaziyatga mos kelishi, har tomonlama tahlil natijalarini xabardor qilish orqali o‘tkazildi.
Murakkab va mashaqqatli musobaqadagi ishtirokimiz a’lo darajada yakunlandi. Ketma-ket ikki (2023-2024) yil mobaynida peshqadamlikni qo‘ldan bermadik. Bir jamoa bo‘lib harakatlanganimiz, munosib raqiblarni ortda qoldirishimiz uchun omil bo‘lib xizmat qildi. Shu bilan birga, yakkalik tartibida bo‘lib o‘tgan eng ilg‘or vzvod komandiri nominatsiyasida ham faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan Koreya Respublikasi mudofaa vaziri “O‘zbek askarlari O‘zbekiston Prezidenti kabi shijoatli, jasur va energiyaga boy ekan”, deb ta’kidlagan edi. Shunda o‘zimizga bo‘lgan ishonchimiz yanada ortdi. O‘zbekiston harbiy xizmatchisi ekanimizdan g‘ururlandik. Biz orqali Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonimizning nomi tilga olinganida ota-onasiga rahmat olib kelgan farzanddek xursand bo‘ldik.
Onamni yig‘latgan xushxabar
Bir tadbirdan qaytayotganimizda telefonim jiringladi. Qarasam, birga o‘qigan kursdoshim. Yashil tugmani bosdim va qulog‘imga tutdim. Telefonning narigi tomonidan menga tabrik kela boshladi. Hayron bo‘ldim.
– “Mardik” ordeniga loyiq ko‘rilibsan, tabriklayman. Hozirgina Prezident farmonini o‘qidim. Unda sening ham isming bor ekan”. Kasbim taqozosi bilan kutilmaganda bo‘ladigan har qanday “trevoga” mening ichki muvozanatimni buza olmagan. Qanchalik sovuqqon bo‘lmayin, kursdoshimning taqdirlanganim haqidagi “trevoga”si ichki hissiyotlarimni bir necha marotaba junbushga keltirdi. O‘sha lahza yonimda onam ham bor edi. Birinchi bo‘lib xushxabarni eshitgan onam jim turgancha yig‘lay boshladi.
Vatanni sevish, uni ko‘z qorachig‘idek asrash barchamizning burchimiz. Vatan beg‘araz seviladi. O‘z burchingni ado etsang-u yurting seni mukofotlasa, bilmadim, bu holatni so‘z bilan tasvirlab berolmayman. O‘zbekistonda yashayotgan 37 milliondan ortiq insonlar taqdiri ishonchli qo‘llarda ekaniga amin bo‘ldim. Qilayotgan amallarimizning yaxshisi ham, yomoni ham javobsiz va e’tiborsiz qolmas ekan.
“Vatanparvar” muxbiri
Sherzod SHARIPOV
yozib oldi.
O‘zA