Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi
Buxoro viloyatida 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi” shiori ostida tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbir “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va “Ko‘mirta’minot” MCHJ tomonidan “Bolalar muruvvat uyi” hamda “Imkoniyati cheklangan ayollar muruvvat uyi”da tashkil etildi.


– Yurtimizda inson, uning qadr-qimmati, sha’ni oliy qadriyat ekanligi, ularning haq-huquqlari Konstitutsiya va qonunlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi rahbari Ulug‘bek Kozimov.
– Shuning uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan fuqarolar doimo e’tiborda. Yiqilganni suyash, ko‘makka muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish xalqimizga xos bag‘rikenglik namunasidir.


bugungi tadbirda “Bolalar muruvvat uyi” va “Ayollar muruvvat uyi”da yashovchilarga 10 million so‘mlik bayram sovg‘alari, kiyim-boshlar olib berildi. 600 nafar nogironlarga bayram dasturxoni yozildi.
“Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi” shiori ostida o‘tayotgan tadbirlar doirasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan shahar va tumanlarda yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik aravachalari, tikuv mashinkalari, qo‘ltiqtayoqlar hamda ortopedik moslamalar, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA