Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas!
Bu shior bugungi kunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyat Kengashining ham amaliy ishlarida o‘z aksini topmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlab «Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!» shiori ostidagi tadbir Farg‘ona muruvvat nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyida ham o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Orzigul Qozixonova va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Shohidaxon Karimovalar ishtirok etib barchani Istiqlol bayrami bilan qutladi.

Shuningdek, so‘z olganlar ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor shaxslarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini ta’minlash, salomatligini tiklash, moddiy va ma’naviy ko‘mak berish borasida yurtimizda salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Istiqlol ayyomi oldidan tashkillangan saxovat tadbirida mehmonlar bu yerdagi tarbiyalanuvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

Tadbir va tashrif doirasida internat uyiga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyat Kengashi hamda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashi tomonidan bolajonlarga bayram sovg‘alari topshirildi.
Shohsulton To‘xtamatov