Hech bir murojaat e’tibordan chetda emas
Navoiy viloyati Karmana tumanining “Do‘rmon” mahallasida viloyat adliya boshqarmasi tomonidan viloyat sudi va ma’muriy sudi bilan hamkorlikda sayyor qabul tashkil etildi.
bugungi kunda mahallada 921 ta xonadonda 3 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. O‘rganishlar davomida “Yoshlar daftari”ga 66 nafar yosh, “Ayollar daftari”ga esa 72 nafar xotin-qiz kiritilgan. Qabul jarayonida ularning muammolari yaqindan o‘rganilib, aholining bir qator muammolariga shu yerning o‘zida yechim topildi.

Feruza Choriyeva 2 yildan buyon ishsiz. Shu bois u ishga joylashishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Tikuvchilikka qiziqishi borligi, uyda ushbu hunar bilan shug‘ullanib turgani bois, unga to‘qimachilik korxonasidan ish taklif qilindi. Bu esa unga ma’qul keldi va ishlaydigan bo‘ldi.

Shuningdek, imtiyozli shartlarda kredit olish, bandlik, ish stajini tiklash, nogironlikni belgilash, mehnat munosabatlariga oid murojaatlar mutasaddilar tomonidan tadbir joyida huquqiy jihatdan ko‘rib chiqilib, aniq yo‘nalishlar belgilab olindi.
– Sharoitim yaxshi bo‘lmagani uchun 2 yil davomida nogironlik aravachasi ololmasdan kelayotgan edim, – deydi Norgul Xolmo‘minova. – Sayyor qabul davomida adliya boshqarmasining amaliy yordami bilan menga nogironlik aravachasi topshirildi. Bundan juda xursandman. Avvallari ham tumanimizdagi adliya bo‘limidan tibbiy muolaja olishda imtiyozlardan foydalanish, ishga joylashish masalalarida huquqiy maslahat olib, muammolarimni oson bitirganman. Buning uchun ularga rahmat aytaman.
Tadbir davomida 52 nafar fuqaro qabul qilinib, ularning 25 nafariga huquqiy tushuntirish berildi, 7 nafarining murojaati joyida qanoatlantirildi, 20 nafarining murojaati adliya boshqarmasining nazoratiga olindi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA