Hazoraspda 13 milliard so‘mlik gaz talon-toroj qilindi
Xorazm viloyatida energiya resurslaridan samarali va qonuniy foydalanish ustidan nazorat tadbirlari izchil davom etmoqda. Jumladan, Hazorasp tumani hududida o‘tkazilgan navbatdagi o‘rganishlar davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq yirik holat fosh etildi.
Nazorat tadbirlari davomida tumanning “Pahlavon Mahmud” MFYda joylashgan “G. M. H.” MCHJga qarashli ko‘p qavatli uy o‘rganildi. Tekshiruv jarayonida ta’minot tashkiloti bilan tegishli shartnoma rasmiylashtirmasdan va loyiha-texnik hujjatlarsiz tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, sarflangan tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan zarar miqdori 13 milliard 158 million so‘mni tashkil etdi.
Energetika vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur noqonuniy holat bo‘yicha to‘plangan barcha materiallar qonuniy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA