Hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik ortidagi muammo nimada?
Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat tasodifiy voqealar emas, balki jamiyatning ma’naviy holati qay darajada ekanini aks ettiruvchi jiddiy muammo. So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolar, turli hududlarda qayd etilayotgan ayanchli holatlar bu masalaning tizimli tus olayotganidan dalolat bermoqda.
Ayniqsa, Bo‘stonliq tumanida mushuk bolalariga nisbatan zo‘ravonlik, Uchtepada itlarni avtomobil bilan bosib o‘tish holatlari, Surxondaryoda esa it bolasining quloqlarini vahshiylarcha uzib tashlash chuqurroq ildizga ega muammoning alomatlari hisoblanadi.

Mazkur holatlar shuni ko‘rsatadiki, ushbu shafqatsiz harakatlar faqat huquqiy bo‘shliqlar natijasi emas, balki tarbiya, ijtimoiy ong va javobgarlik hissining yetarli darajada shakllanmagani bilan ham bog‘liq. Aksariyat hollarda bunday harakatlar jazodan qo‘rqmaslik, beparvolik yoki zo‘ravonlikni oddiy hol sifatida qabul qilish oqibatida sodir etilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikni jamiyatdagi zo‘ravonlikning boshlang‘ich ko‘rinishlaridan biri sifatida baholash zarur. Chunki ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan shaxslar keyinchalik insonlarga nisbatan ham agressiv xatti-harakatlar sodir etish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Ushbu muammoni hal etish uchun tizimli yondashuv talab etiladi. Avvalo, qonunchilikni kuchaytirish muhim. O‘zbekistonda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, Ekologik partiya tomonidan ishlab chiqilayotgan qonun loyihasida amaldagi jazolarni sezilarli darajada qat’iylashtirish taklif etilgan.

Mazkur loyihaga ko‘ra, hozirda belgilangan jarimalar miqdorini keskin oshirish rejalashtirilgan. Agar amaldagi tartibda jarimalar nisbatan pastroq bo‘lsa, yangi taklifga binoan ular bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 200 baravarigacha yetkazilishi mumkin. Bu miqdor 82,4 million so‘mgacha bo‘lgan jarimani anglatadi. Bunday o‘zgarishlar zo‘ravonlik sodir etishning sezilarli darajada oldini olishi mumkin.
Bundan tashqari, qonun loyihasida faqat moliyaviy jazolar bilan cheklanib qolmasdan, yanada jiddiyroq choralarni qo‘llash ham nazarda tutilgan. Jumladan, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxslarga nisbatan 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlash imkoniyati ham ko‘zda tutilmoqda.

Yangi qoidalarning yana bir muhim jihatlaridan biri yetkazilgan zararni qoplash masalasidir. Endilikda hayvonga zarar yetkazgan shaxs nafaqat ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi, balki o‘sha hayvonni davolash bilan bog‘liq barcha xarajatlarni ham to‘liq o‘z zimmasiga olishi shart bo‘ladi.
Shu bilan birga, qonun loyihasi faqat jazolarni kuchaytirishga qaratilmagan bo‘lib, hayvonlarga nisbatan ijobiy va insonparvar munosabatni rivojlantirishga xizmat qiluvchi qator yangiliklarni ham o‘z ichiga oladi. Xususan, jamoat joylarida hayvonlar uchun zarur va qulay sharoitlar yaratish, ularning xavfsizligini ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Muammoga nafaqat yechim berish, balki uning oldini olish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun, ta’lim tizimida hayvonlarga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirishga qaratilgan maxsus darslar yoki tarbiyaviy dasturlarni joriy etish zarur. Qolaversa, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali bunday holatlarni keng yoritish, ularni qoralash va jamiyatda murosasiz munosabatni shakllantirish lozim. Shuningdek, hayvonlarni himoya qiluvchi jamoatchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash, volontyorlik harakatlarini kengaytirish ham ijobiy natija berishi mumkin.
Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat jamiyatning insoniylik darajasini sinovdan o‘tkazadigan muhim mezon. Bugun kuzatilayotgan holatlar esa bu borada hali ko‘p ishlar qilinishi kerakligini ko‘rsatmoqda. Qonunchilikni kuchaytirish, ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish, jamoatchilik nazoratini oshirish hamda har bir fuqaroning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish orqali bu muammoning oldini olish mumkin.
Eng muhimi, jamiyatda bitta qat’iy tushuncha shakllanishi zarur. Ya’ni, hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik oddiy qoidabuzarlik emas, balki insoniylikka zid bo‘lgan jiddiy jinoyat. Ana shundagina bunday holatlar kamayadi va jamiyat yanada mehr-shafqatli, ongli va xavfsiz muhitga aylanishi mumkin.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA