Hayotiy rezolyutsiya – xorijlik vakillar e’tirofida
BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani mintaqa hayotida muhim ahamiyatga molik xalqaro hujjat bo‘ldi.
Orol fojeasi ham insoniyat, ham hayvonot va o‘simlik dunyosiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois ham mazkur rezolyutsiya o‘z ahamiyatiga ko‘ra dolzarb hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan mazkur hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyati nafaqat yurtimiz aholisi, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham qizg‘in muhokama qilinib, alohida e’tirof etilmoqda.
Jennifer Topping,
BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi ofisining ijrochi koordinatori:
– Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda iqlim barqarorligini moliyalashtirish masalalari BMT faoliyatida asosiy o‘rinni egallay boshladi va joriy yil har qachongidan ham keng muhokama qilinmoqda. Shu ma’noda mazkur rezolyutsiyaning qabul qilinishi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasini tuzish hamda inson xavfsizligi masalalarini moliyalashtirish instrumentlari yo‘lga qo‘yilganining mantiqiy davomi bo‘ldi. Biz Orol dengizi aholisi uchun ushbu muhim sheriklikni qo‘llab-quvvatlash va davom ettirishdan mamnunmiz.
Byon Chje Il,
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi deputati, Suv resurslari bo‘yicha Osiyo parlamentlararo maslahat kengashi (AAWC) raisi:
– Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik halokat oqibatlari nafaqat O‘zbekiston, balki allaqachon, global miqyosdagi muammoga aylanib ulgurgan. O‘zbekistonda ushbu masalaga yondashuv so‘nggi to‘rt yil ichida aniq natijalarga erishish nuqtai nazaridan tubdan o‘zgardi.
Yaxshi eslayman, 2020 yil sentyabrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida global iqlim o‘zgarishlari va Orolbo‘yi hududidagi vaziyatga alohida to‘xtalgan edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan Bosh Assambleya tomonidan O‘zbekiston rahbarining taklifi – Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.
Bu O‘zbekiston tashqi siyosatidagi yana bir muvaffaqiyatli qadam bo‘ldi, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, Orol dengizi muammosi, uning atrof-muhit va bu yerda yashayotgan aholi hayotiga salbiy ta’sirini kamaytirish bugungi kunning eng dolzarb masalasi ekaniga dunyo hamjamiyati amin bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti BMT minbarida «ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq bo‘lardi», degan taklifi ham yaqin kunlarda jahon hamjamiyati tomonidan hayotga tatbiq etilishiga ishonchim komil. Buning uchun kerakli asos yaratildi.
Hamid Nayrobodiy,
Eronning O‘zbekistondagi elchisi:
– O‘zbekiston mustaqillikka erishgan paytdan boshlab Orolbo‘yi mintaqasidagi vaziyatni yaxshilashga qaratilgan ko‘plab sa’y-harakatlarni amalga oshirib, turli tashabbuslarni ilgari surdi. Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ushbu sa’y-harakatlar va chora-tadbirlarning yangi bosqichi boshlandi.
BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasiga asos solinishi ushbu keng ko‘lamli chora-tadbirlar jumlasiga kiradi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Eron ham hammuallif bo‘lgan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning qabul qilinishi esa O‘zbekiston tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan muhim chora-tadbirlardan yana biri hisoblanadi.
Ushbu rezolyutsiyaning e’tiborli jihatlaridan biri shuki, oltmishga yaqin davlat hammuallifligida tayyorlangan mazkur hujjat bir ovozdan qabul qilindi. Bu esa, o‘z navbatida, tabiat muhofazasi masalasining ahamiyati hamda jahon hamjamiyatining atrof-muhit muammolariga bo‘lgan e’tiborini ko‘rsatadi. O‘tmishda atrof-muhitga nisbatan bo‘lgan ayrim xatoliklar to‘g‘risida yaxshi bilamiz. Afsuski, bugungi kunda ham yer kurrasining turli burchaklarida tabiat va atrof-muhitga nisbatan noto‘g‘ri munosabatning guvohi bo‘lib turibmiz. Bunday xato munosabatning tovonini zamondoshlar va kelajak avlodlar to‘lashga ma jbur.
Eronda Xorazm dengizi nomi bilan mashhur bo‘lgan Orol dengizi bir necha jihatdan biz uchun ahamiyatlidir. Birinchidan, Eron shimoli-sharqining ayrim hududlari ushbu dengiz havzasiga kiradi. Shu bois, Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatning ahamiyati biz uchun ham muhimdir. Mamlakatlarimizning iqtisodiyoti va xalqlarimizning salomatligiga tahdid qilayotgan ushbu muammoga nisbatan e’tiborsiz bo‘lmasligimiz kerak. Bundan tashqari, Orol dengizi va Orolbo‘yi mintaqasi biz uchun tarixiy-madaniy ahamiyatga ham ega. Biz ushbu mintaqani mushtarak sivilizatsiya va qadriyatlar o‘chog‘i, deb bilamiz hamda ushbu hududni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yuksak qadrlaymiz.
Xuddi shu nuqtai nazardan Eron Islom Respublikasi Orolbo‘yi mintaqasi rivojiga turli shakllarda yordam berishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Jumladan, Eron kompaniyalari Qoraqalpog‘istonning turli shahar va tumanlari, masalan, Nukus shahrida suv ta’minoti inshootlarini bunyod etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz ekspertlari Orol dengizi va Orolbo‘yi mintaqasi muammolariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalarda suv resurslarini boshqarish to‘g‘risidagi g‘oya va takliflari bilan qatnashmoqda.
Orol dengizini saqlab qolish biz uchun ko‘p jihatdan ahamiyatlidir. Shu sababli, O‘zbekiston rahbariyatining Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan tashabbus va loyihalarida ishtirok etishga tayyorligimizni bildiramiz.
O‘zA muxbiri
M.Komilova tayyorladi.