Hayoti ibrat qoraqalpog‘istonlik o‘g‘lon
Nukusda davlat va siyosat arbobi Allayar Dosnazarovning 125 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Dastlab ishtirokchilar Allayar Dosnazarovning Nukus shahridagi byustiga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, olimlar, yozuvchi-shoirlar, Allayar Dosnazarovning avlodlari, xorijiy mehmonlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqa teatrida "A.Dosnazarov va Qoraqalpog‘istonning yangi tarixi" mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari A.Davletov boshqarib bordi.
Konferensiyada Allayar Dosnazarovning hayoti va mehnat faoliyati to‘g‘risida yangi ma’lumotlar, Qoraqalpog‘iston avtonom oblastining tashkil etilishidagi roli, uning qatag‘on qilinishi va oqlanishi kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.
Ta’kidlanganidek, xalqimiz yaxshiliklar uchun duo qilib, keng ko‘lamli savob ishlarni amalga oshirayotgan ushbu Muborak Ramozan oyida Xotira va qadrlash kunining ham to‘g‘ri kelishi, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasiga va qatnashchilariga hurmat ko‘rsatilishida teran ma’no bor.
Ushbu muqaddas kunlarda taniqli davlat va siyosat arbobi Allayar Dosnazarovning 125 yilligining belgilanishi bu, ajdodlarimizga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborning isbotidir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalar qatorida tariximizni teran o‘rganish, milliy qadriyatlarimizni qayta tiklash, ayniqsa, qatag‘on qurbonlari bo‘lgan yurtimiz farzandlarining xotirasini abadiylashtirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
1937-1953 yillarda yurtimizda 100 ming nafar odam qatag‘on qurboniga aylangan bo‘lsa, birgina o‘tgan asrning 37-38 yillardagi katta qatag‘on davrida 7 ming nafarga yaqin vatandoshimiz qurbon bo‘lgan. Shu bois ham mustabid tuzum davrida yurtimizdagi minglab begunoh insonlarning “Xalq dushmani” sifatida nohaq jazolanganini, qanchadan-qancha oilalar xonavayron bo‘lib, bolalar yetim qolganini inkor qilib bo‘lmaydi. Mana, shunday nohaq jazolangan xalqimizning fidoyi farzandlarining biri Allayar Dosnazarovdir.
U o‘zining qisqa umri davomida o‘ziga xos bo‘lgan chuqur bilim va tajribasi, yetuk tashkilotchilik qobiliyati, vatanparvarligi bilan jamoatchilik orasida keng tanilib, el orasida katta hurmat va obro‘ga erishdi.
Ayniqsa, uning Qoraqalpog‘iston Avtonom oblastini tuzishdagi alohida mehnati, xalqimizning milliy xususiyatlarini aniqlash masalalaridagi tashkilotchilik qobiliyati, milliy-davlat chegaralarini belgilashdagi jonkuyarligi, shuningdek, ma’naviyatimiz va ma’rifatimizni rivojlantirish yo‘lidagi fidokorona xizmati bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Taniqli davlat va siyosat arbobi Allayar Dosnazarovning nomini abadiylashtirish, uning xalqimiz uchun qilgan mehnatlarini keng targ‘ib qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining 2019 yil 28 noyabrdagi majlis bayoni bilan bir qator ezgu ishlarning amalga oshirilishi belgilandi. O‘tgan vaqt mobaynida Nukus shahrida Allayar Dosnazarov ko‘chasi bo‘yiga uning byusti o‘rnatilgani, “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi tomonidan uning hayoti va xizmatlariga bag‘ishlangan hujjatli filmning suratga olinayotgani, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan o‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi yangi kitoblarning nashrga tayyorlanayotgani, ilmiy-nazariy konferensiyaning tashkil etilgani bularning barchasi ulug‘ bobomizga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromning namunasidir.
Bir guruh zamondoshlarimiz joriy yil Xotira va qadrlash kuni oldidan Allayar Dosnazarov mangu qo‘nim topgan Rossiya Federatsiyasining Kareliya Respublikasi Kem shahrida bo‘lib, bobomizning qabrini ziyorat qildi.
Albatta, davlat va jamoat arbobi Allayar Dosnazarovning 125 yilligiga bag‘ishlangan konferensiya xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun yaqin tariximizdan saboq berish, mard ajdodlarimizdan faxrlanish hissini uyg‘otish, yosh avlodni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Shubhasiz, bobomiz tug‘ilgan yeri, ona Vatani uchun qilgan mehnatini xalqimiz hali asrlar davomida e’zozlab, asrab-avaylab boraveradi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.
[gallery-2336]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev(surat), O‘zA