Hayot manzaralari rassom nigohida
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida rassom Umar Rajabovning “Tafakkur” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ish boshladi.
Umar Rajabov zamonamizning ilg‘or rassomlaridan biri. Ijodkor o‘z asarlarida nafaqat betakror mamlakatimizning ko‘hna tarixiy obidalarini, balki oddiy insonlarning maishiy hayotini, zamonaviy hayotdagi dolzarb muammolarini ochib berishga harakat qiladi. Rassom yaratgan arxitektura yodgorliklari manzaralari ham oddiy emas, unda bugungi kun nafasi, zamonaviy san’at yo‘nalishlarining qorishmasi mavjud. Ijodkorning yana bir o‘ziga xos jihati uning izlanuvchanligi, bir yo‘nalish va janrda qotib qolmasligidadir. U san’atdagi yangi texnika va uslublarni o‘z asarlariga tatbiq etib, shu orqali o‘zining individual yo‘nalishiga ega bo‘ladi.



– Rassom sayohati davomida ko‘rgan kechirganlarini, tarixiy maskanlardan olgan taassurotlarini asarlariga ko‘chirgan, – deydi O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi direktori, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Kamola Akilova. – Umar juda kuzatuvchan ijodkor. U asarlarini shunchaki xona inter’erlarini bezab turishini istamaydi, balki har bir asariga chuqur ma’no baxsh etadi. Ijodkor asarlari tomoshabinni fikrlashga chorlaydi. Ko‘rgazma ekspozitsiyasi rassomning oxirgi yillarda yaratgan ijod namunalaridan tashkil topgan.
Ko‘rgazma joriy yilning 25 may kuniga qadar davom etadi.





Nilufar Bozorova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA