Haykallarni olib tashlash qonunlashtirildi...
Rossiya – Ukraina
AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp Britaniyaning “GB News” telekanaliga intervyuda “Oq uyga qaytib kelsam, 24 soatda Ukraina mojarosini hal qilaman”, deb takror bayonot berdi.
Qo‘shma Shtatlar o‘tgan yilning fevral oyidan beri 35,7 milliard dollar miqdorida Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatgan. Bu haqda Pentagonning matbuot xizmati ma’lum qilgan.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning “The Washington Post” nashriga bergan bayonotida Ukraina ziddiyatida Rossiya tinchlik muzokaralari olib borishga tayyor emasligini ta’kidlagan.
“Samarali diplomatiya olib borish o‘rniga dahshatli hujumlarni ko‘rmoqdamiz”, degan vazir.
AQSH tomonidan Ukrainaga harbiy yordamlarning davom etishi, Pentagon maxfiy hujjatlarining oshkor etilishi Vashington va Kiyev munosabatlariga ta’sir ko‘rsatmaganidan dalolat beradi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per ma’lum qildi.
“Biz Ukrainaning o‘z hududini himoyasi uchun qo‘llab-quvvatlashda davom etish to‘g‘risida aniq aytganmiz”.
Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati Kiyev hokimiyatining Rossiya hududlarini hujumga tutishini qo‘llamaydi, dedi Jan-Per.
Kreml matbuot xizmati 3 mayga o‘tar kechasi Kiyev ikkita uchuvchisiz uchoqlar yordamida hujum uyushtirishga harakat qilganini aytgan edi. “Uchoqlar harakati to‘xtatilgan, insonlar zarar ko‘rmagan, binolarga moddiy zarar yetkazilmagan”, deb bayonot bergan edi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham 3 may kuni Moskvada Kremlga uchuvchisiz jihozlarda uyushtirilgan hujumda Ukrainaning aloqasi borligini rad etib chiqqan edi.
“Politico” gazetasi muxbiri Lara Seligmanning tasdiqlashicha, Amerikaning havo hujumiga qarshi “Patriot” mudofaa majmuasi o‘tgan hafta Ukrainaga yetkazib berilgan.
Italiya hukumati Vatikanning “tinchlik missiyasi” haqida aniq ma’lumotlarga ega emas. Bu haqda mamlakat Bosh vazir o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani bayonot berdi.
“Rai 3” telekanaliga suhbat chog‘ida TIV rahbari Rim Papasi Fransisk avvalroq “missiya” haqida gapirib chiqqan edi. Ammo Vatikanning Rossiya va Ukraina diplomatik aloqalar olib borayotgani to‘g‘risida aniq xabarlar berilmagan”, degan.
Vengriyaning Davlat Majlisi (parlamenti) Ukraina hududida davom etayotgan ziddiyat munosabati bilan mamlakatda hukm surib kelayotgan favqulodda holat rejimini yana yarim yilga uzaytirish to‘g‘risida qonun loyihasini qabul qildi.
Prezident Zelenskiy 3 may kuni Finlyandiya davlat rahbari Sauli Niinistyo taklifiga binoan Xelsinkiga kelgan. Muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, global geosiyosiy vaziyat muhokamasi bilan birga Ukraina atrofidagi ziddiyat ko‘rib chiqilgan, deb fin tomoni matbuot xizmati ma’lum qilgan.
Ukraina yetakchi, shuningdek, Finlyandiya, Shvetsiya, Norvegiya, Daniya va Islandiya Bosh vazirlari ishtirok etadigan “Shimoliy Yevropa va Ukraina” sammitida ishtirok etadi.
Zelenskiy 14 may kuni nufuzli Buyuk Karl mukofotini qabul qilib olish uchun Germaniyaga boradi. Marosimda Yevropa Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Polsha Prezidenti Mateush Moravetskiy qatnashishi aytilmoqda.
Yetakchi Zelenskiyning bayonotiga ko‘ra, Ukraina Finlyandiya va Shvetsiyadan keyin 33-bo‘lib NATOga a’zo bo‘lib kiradi.
U harbiy amaliyotlar davom etayotgan bir paytda Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish to‘g‘risida gapirish o‘rinli emasligini ta’kidlagan.
Oliy Rada Rossiya va Sovet Ittifoqi bilan bog‘liq monumentlarni olib tashlash jarayonini yengillashtirish to‘g‘risida qonunni qabul qildi. Bu haqda Ukraina Axborot siyosati va madaniyati vaziri Aleksandr Tkachenko ma’lum qilgan.
Parlament sessiyasida “Madaniy merosning muhofazasi” to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlarni deputatlar bir ovozdan qo‘llashgan.
Ukrainada bunday haykallarni qo‘porib tashlash 2015 yilda boshlangan. 2022 yilning boshigacha mamlakat hokimiyati 2,5 mingga yaqin Rossiya va sovetlar bilan bog‘liq haykallarni ag‘darib tashlagan.
Shuningdek, 900 dan oshiq aholi punktlari va 50 mingga yaqin ko‘cha nomlari o‘zgartirilgan.
Abror XON,
O‘zA