“Havas qildik, maqsadimiz ham aniq”
Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabida “Kasblar festivali” va “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Tadbirda kasb-hunar maktabi o‘quvchilari va tumandagi umumta’lim maktablarining 650 nafar bitiruvchi sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tuman bandlikka ko‘maklashish markazi va ish beruvchi tashkilotlar, jumladan, “Beshariq Komfort”, “Sher Wood” xususiy korxonalari, Hunarmandlar markazi, “Beshariq tekstil” korxonalari tomonidan professional ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarga mutaxassisligiga ko‘ra doimiy ish o‘rinlari taklif etildi.

Tadbirda “Robototexnika” to‘garagi rahbari G.Nuriddinova o‘z o‘quvchilari bilan birgalikda yasagan turli elektron buyumlarini namoyish etdi. Kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Mashrabjon Yo‘lbarsov esa o‘zi yasagan turli yog‘och buyumlari bilan ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi. “Beshariq komfort” xususiy korxonasida amaliyot o‘tayotgan o‘quvchilar Mo‘minjon Hakimov va Davronjon Ro‘ziyevlar o‘zlarining ilk buyumlari bilan tengdoshlari hayratiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, elektromontyor, chilangarlik, tikuvchilik, bank ishi yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olayotgan o‘quvchilar ham o‘z amaliy ishlari bilan qatnashdi.

– Inson uchun biror hunarni o‘rganish katta yutuq deb bilaman. Aka-opalarimiz egallayotgan kasb-hunarlar, ularning mustaqil hayotga tayyorligi, doimiy daromadga egaligi hammamizning havasimizni keltirdi, – deydi tumandagi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Xushnoza Nurmuhammedova. – Men ham dugonalarim bilan tekstil yo‘nalishida o‘qimoqchiman. Chunki tumanimizda to‘qimachilik korxonasi bor, unda ko‘plab yoshlar mehnat qiladi. Shu korxonada mehnat qilishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim.

Ta’kidlash kerak, hozirgi kunda kasb-hunar maktabi o‘quvchilarining ishlab chiqarish va diplomoldi amaliyotlarini o‘tashlari uchun 169 ta korxona va tashkilotlar bilan shartnomalar tuzildi. 2-bosqich o‘quvchilarining 150 nafari ish beruvchi tashkilotlar bilan mehnat shartnomalarini tuzib, o‘z ish o‘rinlariga ega bo‘ldi, 68 nafari esa oliy ta’lim muassasalariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Kasb-hunar maktabi o‘quvchilari qator yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, 10 nafar o‘quvchi sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. 2-bosqich o‘quvchilarining 4 nafari esa xalqaro miqyosdagi IYeLTS sertifikatini qo‘lga kiritgan.
Kasblar festivalida tuman hokimi Rasuljon Jo‘rayev, viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i To‘ychiboy Boymatov yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritdi. Ularni kelajakda rivojlangan dunyo yoshlari bilan bo‘ylasha oladigan yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishga chorladi.
Festivalda turli sport to‘garaklari vakillarining chiqishlari namoyish etildi, o‘quvchilar tomonidan ijro etilgan musiqa va raqslar esa tadbirga haqiqiy bayramona kayfiyat baxsh etdi.
M. Sulaymonov,
O‘zA