Hataydagi O‘zbekiston mahallasi — qardoshlik va hamjihatlik timsoli
FOTOREPORTAJ
Avval xabar qilinganidek, kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Turkiya Respublikasi Hatay viloyatiga amaliy tashrifi doirasida Arsuz tumanida barpo etilgan O‘zbekiston mahallasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, 2023-yil fevral oyida Turkiyaning janubiy hududlarida yuz bergan kuchli zilzilalar oqibatida minglab insonlar halok bo‘ldi, yuz minglab aholi boshpanasiz qoldi. Shu og‘ir kunlarda O‘zbekiston Turkiyaga birinchi bo‘lib amaliy yordam ko‘rsatgan davlatlardan biri bo‘ldi.
[gallery-29955]
Qisqa vaqt ichida zilzila hududiga 100 nafardan ortiq qutqaruvchi va 70 nafar tibbiyot xodimidan iborat gumanitar guruh yuborildi. Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 18 nafar insonning hayoti saqlab qolindi, 200 nafarga yaqin jabrlangan fuqaro vayronalar ostidan olib chiqildi. O‘zbekistonlik shifokorlar tashkil etgan dala gospitalida esa 4 ming nafardan ziyod bemorga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Bugungi kunda Turkiyada zilzila oqibatlarini bartaraf etish va vayron bo‘lgan hududlarni tiklash ishlari izchil davom etmoqda. Ana shu ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi sifatida Hatay viloyatining Arsuz tumanida, O‘rta yer dengizi sohili bo‘yida zamonaviy turar joy majmuasi barpo etildi.
300 dan ziyod xonadonni o‘z ichiga olgan, 24 ta ko‘p qavatli uydan tashkil topgan mazkur majmua barcha zarur infratuzilma bilan ta’minlangan. U nafaqat yangi maskan, balki o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik, qardoshlik va hamjihatlikning yorqin ramzi sifatida ham ahamiyat kasb etmoqda.
Mahalla hududida Samarqand va Toshkent nomlari berilgan ko‘chalar, Buxoro jome masjidi, O‘zbekiston Respublikasi Do‘stlik bog‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomi bilan ataluvchi bulvar, milliy an’analar asosida jihozlangan mahalla oshxonasi, bolalar maydonchalari va dam olish hududlari tashkil etilgan. Bu yerda ikki qardosh xalqning mushtarak tarixi, madaniy merosi va umumiy qadriyatlari o‘z aksini topgan.
Shavkat TOHIROV (surat), O‘zA