Hasharda MIB xodimlari uyushqoqlik ko‘rsatdi
Yurtimiz bo‘ylab kezayotgan Navro‘zi olam shukuhi yanada ajib tarovat kasb etmoqda. Ayniqsa, bu fasl kirishi bilan tozalik va orastalik, obodonchilik yumushlariga alohida ahamiyat qaratiladi. Xalqimizga xos uyushqoqlik va xamjihatlik keng bo‘y ko‘rsatadi.
Yurtimizda turli bayramlar oldidan hasharlar uyushtirish ezgu an’ana aylangan. Tobora dillarimizga o‘zgacha shukuh olib kelayotgan Navro‘z arafasida uyushtirilgan umumxalq xayriya hashari Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi hamda uning shahar va tumanlar bo‘limlarida ham katta ko‘tarinkilik bilan o‘tkazildi.

— Erta tongdan Byuroning viloyat boshqarmasi, shahar va tumanlar bo‘limlari hovlisi, uning atroflarida obodonlashtirish yumushlari tashkil etildi. Hashar davomida xodimlar tomonidan mavjud gulxonalar, uning atrofi tartibga keltirildi, daraxtlarga shakl berilib, oqlandi. Turli manzarali va mevali ko‘chatlar, turfa gullar ekildi, – deydi MIB Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Sohibjon Rafiqov. – Umuman olganda, bo‘lib o‘tgan hasharda 300 nafardan ortiq xodimlar faol qatnashdi. Ularning sa’y-harakati bilan 132 kv. metr maydondagi gulxona, 325 metr uzunlikdagi lotok ariqlar tozalandi. Mavjud manzarali va mevali daraxtlarga shakl berildi.
E’tiborlisi, bayram arafasida Byuro organlari tashabbusi bilan saxovat tadbirlari ham o‘tkazildi. Xususan, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar yo‘qlanib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.