Harbiylar uchun imtiyozli ta’lim krediti (+video)
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning Vatanga sadoqat ruhida kamol topishi hamda Qurolli Kuchlar safida xizmat qilish nufuzi va jozibadorligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning kasbiy va shaxsiy rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 7-apreldagi PQ–134-son qarori bilan muddatli harbiy xizmatni o‘tash nufuzi va jozibadorligini yanada oshirishga qaratilgan navbatdagi muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar xizmatni o‘tash davrida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichi masofaviy ta’lim shakliga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishi, kirish imtihonlarida ishtirok etishi hamda o‘qishga qabul qilinishi mumkin bo‘ladi. To‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan askarlarga amaldagi tartibda imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi.
Mazkur qaror yoshlarni harbiy xizmatga yanada keng jalb etish, ularning ta’lim olish va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, Qurolli Kuchlar safida xizmat qilish nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
<iframe width="560" height="320" src="https://www.youtube.com/embed/8Lk63WLNRHo" title="Harbiylar uchun imtiyozli ta’lim krediti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA